Prezident Murojaatnomasida belgilangan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga oid dolzarb vazifalar muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning bilimini oshirish, zamonaviy kasb-hunar egallashi va ma’naviy yetukligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminarda fakultet dekanlarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, xotin-qizlar maslahatchilari, tyutorlar, profilaktika inspektorlari, psixologlar, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov Murojaatnomada yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, bilimli, keng dunyoqarashli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan ustuvor vazifalarga keng to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, ta’lim jarayonini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, zamonaviy ilmiy-texnik yutuqlardan samarali foydalanish, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, ilm-fan bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Seminarda yoshlarning ma’naviy saviyasini yuksaltirish, ularni yot g‘oyalardan himoya qilish, sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, halollik tamoyillarini singdirish, mas’uliyatli va ijtimoiy faol shaxs sifatida kamol toptirish borasidagi vazifalar alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbir davomida institutda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlar va tashabbuslarni rag‘batlantirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Seminar yakunida Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan vazifalarni institut hayoti va ta’lim jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etish, yoshlar manfaatlariga xizmat qiladigan amaliy tashabbuslarni kengaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
