Qishki ta’tildan qaytgan talabalar munosib kutib olinmoqda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qishki ta’til yakunlanib, talabalarning o‘qishga qaytib kelishi munosabati bilan ularni munosib kutib olish uchun tegishli amaliy ishlar olib borildi.

Institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov talabalar turar joylariga tashrif buyurib, u yerda xonalarni isitish tizimlari, maishiy texnikalarning uzluksiz ishlashi va boshqa sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Birinchi prorektor qishki ta’tildan qaytgan talabalar bilan suhbatlashib, ularning ta’til vaqtidagi taassurotlari, o‘quv jarayoni bo‘yicha fikr-mulohazalarini tingladi.

Shuningdek, talabalarni boshlanayotgan yangi yilni yuqori kayfiyat va mas’uliyat bilan boshlashga, o‘qishdagi yutuqlarini yanada oshirishga chaqirdi hamda kelgusi o‘qishlarida, ayniqsa, semestr yakuni bo‘yicha imtihonlarda omad va muvaffaqiyatlar tiladi.

Bunday amaliy ishlar talabalarning samarali ta’lim olishi va qulay yashash sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.