Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan uchrashuv va bayram kechasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan uchrashuv va bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.

Bayram tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi faxriylar kengashi raisi, zaxiradagi mayor Doston Allamuratov, uning o‘rinbosari, zaxiradagi serjant Baxit Qannazarov, afg‘on urushi qatnashchisi, zaxiradagi serjant Murat Abdullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi katta inspektori Atabek Xodjayev, fakultet dekanlari o‘rinbosarlari, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi va mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi, so‘nggi yillarda milliy armiyamizni yanada rivojlantirish, uning jangovar tayyorgarligini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi islohotlarning natijalari haqida ma’lumotlar berdi.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar, shuningdek, Taraqqiyot strategiyalari va Mudofaa doktrinasi asosida muhim va tarixiy qarorlar qabul qilindi. Ayniqsa, mamlakatimiz miqyosida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilgani, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib ish va turmush sharoitlari yaratib berishda qilinayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, milliy armiyamizning hududiy, xalqaro reytinglardagi, o‘tkazilayotgan turli musobaqalardagi ko‘rsatkichlari yuksalmoqda. Bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz dunyoda va MDHda, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yuqori o‘rinlarni egallamoqda.

Milliy, mintaqaviy va global xavfsizlikka qarshi turli tahdidlar yuz berayotgan bugungi kunda xalqimizning tinch va osoyishta hayot kechirishi, chegaralarimiz daxlsizligi va butunligini ta’minlash har birimizning oldimizda turgan ustuvor vazifalardan biridir.

Tadbirda ana shunday ulkan maqsadlardan kelib chiqib, Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan yetti ustuvor yo‘nalishning biri mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat yuritish ekanligi, shuningdek, ulardan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, faxriy harbiy xizmatchilar yoshlarga o‘zlarining hayot yo‘li, afg‘on urushining oqibatlari haqida so‘zlab, bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetib, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga va mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga chaqirdi.

Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.