Institutda ta’lim sifati bo‘yicha professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida umummilliy so‘rovnoma o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi mas’ullari tomonidan professor-o‘qituvchilar va talabalarning ta’lim sifati bo‘yicha fikrlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan umummilliy so‘rovnoma o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2025-yil 5-maydagi “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan mazkur so‘rovnoma ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayoni samaradorligini baholash, professor-o‘qituvchilarning kasbiy faoliyati va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha fikr-mulohazalarini o‘rganishga qaratilgan.
Milliy agentlik vakillari tomonidan so‘rovnomaning maqsadi, ahamiyati va natijalari asosida ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, ta’lim sifatini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan qarorlar qabul qilishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar o‘z fikrlarini bildirish, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
