Talabalarga xorijda o‘qish va ilmiy-tadqiqot olib borish bo‘yicha tushuntirishlar berildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xalqaro tajriba almashish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarga xorijiy ta’lim tizimlarida o‘qish bo‘yicha ma’lumotlar berish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Koreya Respublikasining Inchxon shahrida joylashgan, jahon reytingida 50-o‘rinda, Osiyo oliy ta’lim muassasalari orasida 1-o‘rinda turuvchi Yonsei universitetining bio-tibbiyot muhandisligi ta’lim yo‘nalishida grant asosida tahsil olayotgan 1-kurs talabasi, qoraqalpog‘istonlik umidli yoshlardan biri Aynaxan Xojamuratova, shuningdek, jahon reytingida “TOP-300”talik ro‘yxatga kiruvchi Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk davlat universitetining aspiranturasini tugatib, PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, hozirda institutning matematika kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan Azizbek Hakimbayev, tegishli bo‘limlar mas’ullari, institutning iqtidorli talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Gulbahar Begmuratova xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarda o‘quv, tadqiqot ishlarini olib borish, xalqaro grantlar va akademik mobillik imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berdi.

Shundan so‘ng uchrashuv mehmonlari xorijda ta’lim olish, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va zamonaviy ta’lim metodlari, “El-yurt umidi” jamg‘armasi va uning vazifalari, ilmiy-tadqiqot jarayonlari, tadqiqot mavzusini tanlash, ilmiy rahbar bilan ishlash va xalqaro ilmiy jurnallarda maqola chop etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Uchrashuv savol-javoblar bilan davom etib, talaba-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

NukusDPI matbuot xizmati.