Oʻqituvchilik sari yana bir qadam

Nukus DPI Filologiya fakultetining Oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi 4-,,V”guruh talabalari  malakaviy pedagogik amaliyotni Nukus shahridagi 44-umumta’lim maktabida oʻtashmoqda. Ularning har bir kuni fan oʻqituvchilaridan, fan boʻyicha metodistlardan  metodik maslahatlar olish va dars tashkil qilish bilan oʻtmoqda.

Amaliyotchilar ketma-ket oʻzlarining ochiq darslarini ham oʻtkazib kelishyapti. Xuddi shunday ochiq darslardan birini 8-aprel sanasida amaliyotchi talaba Qalandarova Sevara Oʻzbek tili darsidan ,,Abu Rayhon Beruniy (Sof koʻmakchilar va koʻmakchi vazifasida qoʻllanadigan soʻzlar)” mavzusida tashkil qildi. Sinfda 21 nafar oʻquvchi boʻlib, ular uch guruhga boʻlinib olib darsda faol ishtirok etishdi. Oʻquvchilar Abu Rayhon Beruniy faoliyatini aks ettiruvchi rasmlar va videolavhalar bilan tanishtirilgach, grammatik mavzu tushuntirildi.

Amaliyotchi darsda koʻrgazmali qurollardan va yangi metodlardan oʻz oʻrnida foydalana oldi. Dars kuzatish jarayonida D.Kabulova, N.Allambergenova, maktabning OʻIBDOʻ M.Kabulova, fan oʻqituvchilaridan M.Hazratqulova, N.Usmonova va amaliyotchi talabalar ishtirok etishdi.

Ochiq dars tahlilida fan oʻqituvchisi M.Hazratqulova darsda amaliyotchi vaqtdan unumli foydalanganligini, oʻquvchilar bilan yaxshi muomalada boʻlganligini alohida ta’kidladi. Kuzatuvchilar ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, tashkil qilingan bir soatlik ochiq darsni a’lo baholadilar.

Talabalarning amaliyot davrida oʻrgangan har bir narsasi ularning kelajakdagi faoliyatida asqatishi shubhasiz.

 

Maftuna Kenjayeva,

4-kurs talabasi.