Institutda “Suv-botqoq hududlari – bioxilma-xillik asosi” mavzusida seminar tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan 2-fevral – Butunjahon suv-botqoq hududlari kuni munosabati bilan “Suv-botqoq hududlari – bioxilma-xillik asosi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari – Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxitbay Aldamuratov, Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sapargul Utemuratova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti raisi Aysanem Begimova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi mutaxassislari, institutning Tabiiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Seminarda qayd etilganidek, bugun sayyoramizda ro‘y berayotgan global taraqqiyot va iqlim o‘zgarishlari qator ekologik muammolarni, xususan, suv tanqisligini keltirib chiqarmoqda. Mamlakatimiz mintaqada jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan, shu bilan birga, o‘ta murakkab iqlim sharoitlarida joylashgan davlat sifatida ushbu ekologik muammoga moyilligi bilan ajralib turadi.
Suv manbalarining ko‘plab turlari mavjud bo‘lib, daryo va ko‘llarni, suv-botqoq hududlarini global iqlim o‘zgarishi sharoitida qurib qolishdan asrash dolzarb ahamiyatga ega.
Shu asosda 1971-yil 2-fevralda Eronning Ramsar shahrida jahon hamjamiyati tomonidan suv-botqoq hududlarini muhofaza qilish, bunday hududlarga keng jamoatchilikning e’tiborini qaratish maqsadida Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq hududlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi. O‘zbekiston 2001-yildan buyon ushbu konvensiyaning teng huquqli a’zosi hisoblanadi.
Respublikamizda konvensiya doirasida belgilangan vazifalar bo‘yicha bir nechta tashkiliy-huquqiy asoslar, jumladan, 2019-2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash harakatlar rejasi va strategiyasi ishlab chiqilgan.
Seminar davomida so‘zga chiqqanlar va ma’ruzachilar tomonidan mamlakatimizda so‘nggi yillarda tabiiy hududlarni saqlab qolish va ularni qayta tiklash, ekologik muhitni yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bilan daryo va ko‘llar, suv-botqoq hududlarini muhofaza qilish bo‘yicha savol-javoblar, fikr almashinuvlar o‘tkazildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
