Ayrim toifadagi talabalarning yotoqxona xarajatlari Davlat byudjetidan qoplab beriladi

Hukumatning 2026-yil 28-yanvardagi 32-son qarori bilan Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan quyidagi tartiblar belgilandi:
– talabalar turar joylarida yashovchi ayrim toifadagi talabalar ro‘yxatini shakllantirish tartibi;
– talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berishni komissiya tomonidan ko‘rib chiqish tartibi;
– talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish va qoplab berish tartibi.
Ushbu imtiyozdan “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan farzandlari foydalanishi mumkin. Toʻlovlar talaba grant yoki kontrakt asosida oʻqishidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.
Qarorga koʻra, talabalar TTJga ustuvorlik asosida navbatsiz qabul qilinadi. Agar davlat yotoqxonasi boʻlmasa, talabalar davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan turar joylarga joylashtirilishi mumkin. Toʻlovlar har oyning 15-sanasiga qadar talabaning bank plastik kartasiga oʻtkazib beriladi.
Talabaning oilasi “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgani:
– davlat oliy ta’lim tashkilotining tegishli axborot tizimi orqali yuborgan elektron so‘roviga asosan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan elektron ma’lumotlar;
– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladigan ma’lumotnoma asosida tasdiqlanadi.
NukusDPI matbuot xizmati.