Faol talabalar va yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida rektorning yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi G‘ulomjon Ibadullayev ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari, koordinatorlari, “Yosh ziyolilar” kengashi, “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari, volontyorlar hamda turli yo‘nalishlarda faol, namunali talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida talaba-yoshlarni qiziqtirayotgan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy masalalar, ta’lim jarayonidagi muammolar, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ijtimoiy faollikni oshirish va turli salbiy illatlardan himoyalash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida rektor maslahatchisi tomonidan ilgari surilgan takliflar asosida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, Yoshlar ittifoqi faoliyatini yanada faollashtirish va talabalarning ijtimoiy-ma’naviy hayotdagi ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
