Vakant o‘rinlarga o‘qishga kirish imkoniyati yaratiladi

Hukumat qarori bilan “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 578-sonli qarorga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, kirish imtihonlarida ishtirok etib, minimal ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga vakant (bo‘sh) o‘rinlar qolgan yo‘nalishlarda tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

Bu jarayon quyidagicha amalga oshiriladi:

– imtihon natijalari e’lon qilingandan so‘ng bir hafta o‘tib, fanlar majmuasi va ta’lim tili mos bo‘lgan vakant yo‘nalishlarga bir hafta muddatda ro‘yxatdan o‘tiladi;

– abituriyentlar to‘plagan ballari ketma-ketligiga (reytingga) qat’iy rioya qilingan holda bo‘sh o‘rinlarga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi;

– agentlik tomonidan shakllantirilgan qaydnomalar oliy ta’lim tashkilotlariga buyruq rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, 74-bandga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:

– avval ayrim qarorlar Davlat komissiyasi hisobidan qabul qilingan bo‘lsa, endilikda bu vakolat oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) hisobiga o‘tkazildi. Ya’ni, mas’uliyat va qaror qabul qilish bevosita OTM rahbari zimmasiga yuklatildi;

– 74-banddagi ikkinchi xatboshi chiqarib tashlandi, ya’ni u endi amalda qo‘llanilmaydi;

– oldingi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar endilikda mos ravishda – ikkinchi va uchinchi xatboshi deb qayta raqamlandi.

NukusDPI matbuot xizmati.