Ta’ziya

Atoqli davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi, hurmatli el og‘asi Qallibek Kamalov shu yilning 11-fevral kuni 100 yoshida vafot etdi.

Qallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatga yo‘l olgan bo‘lsa, keyinchalik 1953-1955-yillarda Qoraqalpoq davlat pedagogika instituti (hozirgi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti)ning tarix mutaxassisligini yuqori baholar bilan muvaffaqiyatli tamomlagan.

O‘z hayotini tug‘ilib o‘sgan yurt ravnaqi uchun bag‘ishlagan Qallibek Kamalov mohir rahbar sifatida 1959-1963-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, 1963-1984-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining Birinchi kotibi – respublika rahbari kabi mas’uliyatli vazifalarda hududni har tomonlama rivojlantirish, sohalarda ishlarni zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fidoyilik bilan xizmat qildi.

Uning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib baholanib, “Shuhrat” medali hamda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

El og‘asi Qallibek Kamalov institutimizning 90 yilligiga bag‘ishlangan maqolasida:

“Nukus davlat pedagogika instituti yurtimizdagi birinchi oliy ta’lim muassasasi. Ushbu institut qoraqalpoq elining yangilanishiga, madaniy rivojlanishiga, xalqimizning ilmiy darajasining o‘sishiga kadrlar tayyorlab, beqiyos katta hissa qo‘shdi.

Shuning uchun, bu institutning nomi Qoraqalpog‘iston tarixida oltin siyoh bilan yozilishi kerak”, – deb keltirib o‘tgan edi.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, ko‘plab shogirdlarning mehribon ustozi, hurmatli el og‘asi Qallibek Kamalovning vafoti munosabati bilan oila a’zolari, farzandlari, barcha yaqinlari va shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.

Uning el-yurtimiz uchun qilgan tarixiy xizmatlari xalqimiz va kelajak avlodlar qalbida abadiy saqlanib qoladi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, mehnat jamoasi va jamoat tashkilotlari.