Qo‘riqlash xizmati xodimlari ishtirokida profilaktik targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan profilaktik targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning mol-mulkini ishonchli himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Soha mutaxassislari tomonidan qo‘riqlash xizmatining asosiy vazifalari, zamonaviy texnik qo‘riqlash vositalari, signalizatsiya tizimlari hamda tezkor harakatlanish guruhlarining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, fuqarolar va tashkilotlar uchun qo‘riqlash xizmatidan foydalanishning afzalliklari, xavfsizlikni ta’minlashda profilaktikaning o‘rni keng tushuntirildi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish hamda xavfsiz muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

NukusDPI matbuot xizmati.