“Ijod zavqi” – san’at va ilhom uyg‘unligi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning tasviriy san’at va ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni taniqli rassomlar tajribasi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Ijod zavqi” mavzusida uchrashuv kechasi va mahorat darsi tashkil etildi.
Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari, rassomlar Timur Sulaymanov va Qazaqbay Xojamuratovlar ishtirok etib, o‘zlarining ijod yo‘li, san’atga kirib kelish jarayoni, asar yaratishdagi ilhom manbalari, shuningdek, zamonaviy tasviriy san’atning bugungi rivojlanish tendensiyalari haqida so‘zlab berdi. Talabalar rassomlar bilan suhbatlashib, savollariga javob oldi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida o‘tkazilgan mahorat darsida rassomlar tomonidan rangni tanlash, kompozitsiya yaratish, tasvir orqali g‘oya va his-tuyg‘ularni aks ettirishning muhim jihatlari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi.
Tadbir doirasida professor vazifasini bajaruvchi Janjayxan Darmenov ishtirokchilarni institutdagi Ajiniyoz muzeyi bilan tanishtirdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
