Muborak Ramazon oyi munosib tarzda o‘tkaziladi

“Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-65-son, 16.02.2026-y.) qabul qilindi.
2026-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga to‘g‘ri kelishi haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan axborot berildi.
Qarorga ko‘ra, “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida quyidagilarga alohida e’tibor beriladi:
– kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
– mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish;
– yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish;
– Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazish.
Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.