Talaba-qizlarni ilmiy maqola yozish va stipendiyatlikka tayyorlash bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti “Lider qizlar” klubi hamda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan talaba-qizlar uchun ilmiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan seminar-trening o‘tkazildi.

Seminarda ilmiy maqola yozishga qiziqqan, davlat stipendiyalari tanlovida ishtirok etishni istagan bakalavriatning 1-2-3-kurslarida tahsil olayotgan talaba-qizlar ishtirok etdi.

– Ikki kun davom etadigan bepul treningimiz davomida ishtirokchilar ilmiy maqola yozishning asosiy bosqichlari, hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlash tartibi va ilmiy ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ladi, – deydi To‘lepbergen Qayipbergenov nomli davlat stipendiyasi tanlovi g‘olibi, “Lider qizlar” klubining ilmiy ishlar bo‘yicha yetakchisi, institutimiz magistranti Ulzada Umirbayeva.

Seminar-treningda mashg‘ulotlar amaliy yo‘nalishda tashkil etilib, hayotiy misollar, interaktiv topshiriqlar va shaxsiy maslahatlar orqali talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

NukusDPI matbuot xizmati.