Kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt sohalarida xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Bugun, 20-fevral kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt bo‘yicha boy tajribaga ega bo‘lgan “ARRTECH Corp” va “Relisecure Corp” kompaniyalarining ijrochi direktori Alper Cem Yilmaz, shuningdek, Markaziy Osiyodagi yetakchi IT-distribyutorlaridan biri “Elcore Distribution Kazakhstan” kompaniyasining mamlakatlar bo‘yicha direktori Nazgul Taimova va yetakchi kommunikatsiya menejeri Aynur Maksim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi Raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari sektori boshlig‘i Quanishbay Seytnazarov, institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov institutda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, o‘quv jarayonini raqamlashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda mehmonlar “Siberkoza” loyihasi orqali Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston davlatlaridagi 7 ta universitetda tashkil etilgan laboratoriyalar yordamida yangi avlod kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlash hamda qo‘llab-quvvatlash ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida institutda ushbu loyiha doirasida, shuningdek, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha strategik investitsiya hamda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbirdan so‘ng mehmonlar institutning IT-inkubatsiya markazi faoliyati bilan tanishdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
