Ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasida og‘ir yo‘qotish

Respublikamiz oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi atoqli pedagog, zabardast ustoz, taniqli olima – pedagogika fanlari nomzodi, professor Kudaybergenova Tajixal Kuchkarovna salkam 64 yoshida vafot etdi.
Tajixal Kudayberganova o‘z mehnat faoliyatini 1984-yilda maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshlagan bo‘lsa, hayoti davomida ta’lim sohasining barcha bo‘g‘inlarida samarali mehnat qildi.
1999-yildan boshlab bugungi kunga qadar Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, professor kabi lavozimlarda faoliyat yuritdi.
2005-yilda pedagogika fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ta’lim-tarbiya sohasidagi yutuqlari uchun 2014-yilda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2005-yildan boshlab milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish metodikasi (ma’naviyat asoslari) magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash ishlariga salmoqli hissa qo‘shdi va bu sohada 160 dan ortiq bitiruv malakaviy ishiga, 10 ta magistrlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik qildi. Bugungi kunda uning shogirdlari respublikamizning barcha hududlarida o‘z ishining mutaxassisi sifatida tan olinib, samarali xizmat qilmoqda.
Professor T.Kudaybergenova institutimizda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishiga ham alohida hissa qo‘shib, pedagogika fanlari bo‘yicha 2 ta falsafa doktori (PhD)ga ilmiy rahbarlik qildi. Uning ilmiy rahbarligida 3 nafar doktorant dissertatsiya ishlari ustida izlanishlar olib bormoqda.
U huquqiy ta’lim-tarbiya sohasiga oid 70 dan ortiq maqola, bitta monografiya, 10 ta uslubiy qo‘llanma, 5 ta o‘quv qo‘llanma va 3 ta darslik kabi ilmiy ishlar muallifidir.
Ardoqli ustoz Tajixal Kuchkarovna Kudaybergenovaning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.
Marhumaning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, jamoat tashkilotlari, Tarix fakulteti, milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi jamoasi.