Talabalar turar joyida “Jo‘xori gurtik kuni” ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institute 1-sonli talabalar turar joyida 25-fevral – Jo‘xori gurtik kuni munosabati bilan qoraqalpoq xalqining milliy taomi – jo‘xori gurtik tayyorlash bo‘yicha tanlov tashkil etildi.

– Har yili talabalar turar joyida ushbu bayramni nishonlab, talabalar bilan birgalikda jo‘xori gurtik tayyorlab, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan urf-odatlar, an’analar va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz, o‘zaro fikr almashib, tariximiz va madaniyatimiz haqida ma’lumotlar beramiz. Bu bayram viloyatlardan kelgan talabalar o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otadi. Ular qoraqalpoq xalqining milliy taomi jo‘xori gurtik va uning tayyorlanishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Albatta, bu bayram orqali biz yurtimizning o‘ziga xos madaniyati, tarixi, urf-odatlari va milliy taomimizni dunyoga tanitishga hissa qo‘shamiz, – deydi pedagog-tarbiyachi Muhabbat Abdimuratova biz bilan suhbatda.

Tadbirda institutning tegishli mas’ullari ishtirok etib, yoshlarimiz orasida shunday milliyligimizni targ‘ib qilishga hissa qo‘shayotgan talabalar turar joyi jamoasiga va pedagog-tarbiyachilariga minnatdorchilik bildirdi.

Tanlov doirasida talaba-yoshlar birgalikda milliy taom – jo‘xori gurtikni tayyorlab, bayram dasturxoniga tortdi. Ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, 2023-yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasida 25-fevral jamoatchilik tashabbusi asosida “Jo‘xori gurtik kuni” sifatida xalqimiz orasida keng nishonlanib kelinmoqda.

Albatta, bunday tashabbuslar ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan an’analarni kelgusi avlodlarga yetkazish, millatlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.