Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

Bugun, 25-fevral kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda dastlab institut mutasaddilari amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Joriy o‘quv yilida institutda ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilib, yoshlarni har tomonlama yetuk, Vatanga sadoqatli, mustaqil fikrlaydigan va yuksak ma’naviyatli etib tarbiyalash bosh maqsad etib belgilandi.
Institutda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy va psixologik muhitni shakllantirish, ta’lim muassasasining nufuzini oshirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Talabalarning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Konstitutsiyalari kunlariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar muntazam o‘tkazilmoqda. Prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi.
Har haftaning payshanba kuni «Profilaktika kuni» sifatida belgilanib, tegishli soha vakillari va institutning profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda diniy ekstremizm, terrorizm, korrupsiya, odam savdosi, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi. Shundan 2025-yil davomida 600 dan ortiq, 2026-yilning yanvar-fevral oylarida esa 180 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Institutda taniqli shoir va yozuvchilar bilan 13 marotaba ijodiy uchrashuvlar, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li, Berdaq G‘arg‘abay o‘g‘li kabi buyuk siymolar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy kechalar tashkil etildi. Shuningdek, talabalarning teatr va muzeylarga muntazam ravishda borishi yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi vaqtda institutda jami 82 ta to‘garak va klub faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularga jami 6727 nafar talaba qamrab olingan. Jumladan, 32 ta fan, 16 ta sport, 22 ta ma’naviy-ma’rifiy, 10 ta hunarmandchilik yo‘nalishidagi to‘garaklar, «To‘maris» ashula va raqs xalq ansambli, «Siy perde», «Tarannum», «Baldao‘ren» ansambllari, «Turon» jamoasi, «Ziyoli yoshlar» hamda «Munozara» intellektual klubi iqtidorli, bilimli, zukko talabalarni birlashtirmoqda.
Talabalar respublika va xalqaro miqyosdagi tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etib, shundan 75 nafar talaba xalqaro, 301 nafar talaba respublika miqyosida g‘olib bo‘ldi.
Institut sport klubi tomonidan 12 turdagi sport yo‘nalishlarida mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 630 nafar talaba, shu jumladan, 227 talaba-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. O‘quv yili davomida «Universiada», «Besh tashabbus olimpiadasi», «Talabalar ligasi», «Rektor kubogi» kabi sport musobaqalari va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida institutda 43 ta klub va to‘garak faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularga 8404 nafar talaba qamrab olindi. Mazkur yo‘nalishlarda o‘quv yili davomida 126 ta tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, talabalar turar joylarida «Besh tashabbus» xonalari va kutubxonalar tashkil etildi.
Prezident qaroriga muvofiq, Nukus shahri va Ellikqal’a tumanidagi 11 ta mahallada uyushmagan yoshlar bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, hududlarda 29 ta sport musobaqasi, 36 ta targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Mahalla yoshlari institutning sport maydonchalari va axborot-resurs markazidan muntazam foydalanmoqda.
Albatta, amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar talaba-yoshlarning ma’naviy kamoloti, huquqiy savodxonligi, sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ochiq muloqot davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini va keng jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.
