Qozog‘istonlik tajribali professorlar institutda talabalarga dars o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va talaba-yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni yetkazish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi Shahmardan Yesenov nomidagi Kaspiy texnologiyalar va injiniring universitetining bir guruh tajribali professor-o‘qituvchilari tashrif buyurdi.
Ular orasida matematika fani bo‘yicha fundamental fanlar kafedrasi professorlari Gulash Qoshanova hamda Bazargul Quljag‘arova, fizika fani bo‘yicha ushbu kafedra professori Lidiya Taymuratova, katta o‘qituvchi Guldana Qarabasova, informatika fani bo‘yicha kafedra dotsenti Raxat Shuaqbayeva, shuningdek, tarix fani bo‘yicha tarix va an’anaviy san’at kafedrasi professori Oringul Tabildiyeva institut talabalari uchun qiziqarli va mazmunli dars mashg‘ulotlarini o‘tdi.
Mashg‘ulotlar davomida talabalar sohalar bo‘yicha zamonaviy ilmiy yondashuvlar, ilg‘or pedagogik metodlar va xalqaro tajribalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Darslar ochiq muloqot, savol-javob va fikr almashish shaklida tashkil etilib, talabalarning bilimini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Qozog‘istonlik professorlarning institutga tashrifi o‘quv jarayonini takomillashtirish bilan birga, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy va ta’lim bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga ham xizmat qildi. Bunday hamkorlik professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik mobillikni rivojlantirish va o‘quv jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, professorlar bilan uchrashuvlar davomida kelgusida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, seminar va mahorat darslarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ham muhokama qilindi. Bu esa ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun muhim zamin yaratadi.
NukusDPI matbuot xizmati.
