NukusDPI jamoasi va talaba-yoshlari umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etmoqda

Xabaringiz bor, shu yilning 13-14-mart kunlari butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi” degan ezgu g‘oya ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.

Bugun ertalabdan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi va talaba-yoshlari hashar doirasida o‘tkazilayotgan “Toza shahar” ekologik aksiyasida faol ishtirok etmoqda.

Ushbu ekologik aksiyada institutning 6 mingdan ortiq talaba-yoshlari poytaxtimiz Nukus shahrining “Ko‘k o‘zak”, “Oq o‘tov”, “To‘ng‘ich qo‘nis”, “Havo yo‘li”, “Do‘stlik guzari” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash ishlarini olib bormoqda.

Umumxalq hashari asosida xayriya tadbirlari ham o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, institut faol talabalarining mahallalardagi yolg‘iz yashovchi keksalarning holidan xabar olishi tashkil etiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.