NukusDPI talabasi Kumisay Qizilbayeva Yaponiyaning “YORI-I” dasturini muvaffaqiyatli yakunladi

Poytaxtimiz Nukus shahrida Yaponiyaning Yamagata universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan tadbirkorlik sohasidagi mentorlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan “YORI-I” dasturining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni asosida tashkil etilgan dasturda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 50 nafar yosh kadr tanlab olingan bo‘lib, ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti biologiya ta’lim yo‘nalishining 3-kurs talabasi Kumisay Qizilbayeva ham 60 soatlik kursni muvaffaqiyatli yakunladi.

Yakuniy biznes-reja taqdimoti va bitiruv marosimida tinglovchilar olgan bilimlari asosida, shuningdek, mahalliy sanoat muammolari va bozor ehtiyojlarini hisobga olgan holda tayyorlagan biznes g‘oyalarini mutaxassislarga taqdim etdi.

Tadbir yakunida institutimiz talabasi Kumisay Qizilbayeva rahbarligidagi “Agromarket” loyihasi g‘olib deb topildi.

Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan unga xalqaro darajadagi mentorlik sertifikati topshirildi.