Kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan jamoat shartnomasini tasdiqlashga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan jamoat shartnomasining 2025-yildagi ijrosini ko‘rib chiqish, shuningdek, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan jamoat shartnomasini tasdiqlashga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston kengashi raisi U.Jalmenov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi R.Abduraxmanov, institut rektori v.v.b. Q.Qodirov, shuningdek, institut fakultetlari, kafedralar va bo‘limlardan delegatlar ishtirok etdi.

Konferensiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan ma’ruzachilar tomonidan delegatlarga batafsil ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda institutning kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari soni 14 925 kishini tashkil etadi. Shundan 1131 nafari professor-o‘qituvchi va xodimlar, 13 794 nafari talabalar hisoblanadi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi institut xodimlari va talabalarini rag‘batlantirish komissiyasiga a’zo bo‘lib, ushbu komissiya orqali moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, mehnat muhofazasini tashkil etish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etdi, institutning ichki tartib-qoidalarini tushuntirish ishlarini olib borib, xodimlarning ish o‘rni qisqartirilishi bo‘yicha qo‘mitaning oldindan roziligi olinishi yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yillar davomida 61 nafar xodim ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan, 106 nafar xodim kasaba uyushmasi to‘lovi mablag‘lari hisobidan respublika dam olish va salomatligini tiklash markazlarida bo‘lib qaytdi.

Yil davomida barcha bayram sanalari kunlari tanlovlar, sport musobaqalari, davra suhbatlari, uchrashuvlar, o‘quv seminarlari tashkil etilib, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan moliyalashtirib borildi.

Shu bilan birga, jamoat shartnomasi asosida xodimlarning ish sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi choralarini yo‘lga qo‘yish, talabalarning o‘qish sharoitlarini yaxshilash va stipendiyalarini o‘z vaqtida berish borasida ham ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Konferensiyada delegatlar tomonidan 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan jamoat shartnomasi tasdiqlandi va kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

NukusDPI matbuot xizmati.