NukusDPIda davlat stipendiyalari tanlovlarining g‘oliblariga guvohnomalar topshirildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichi talabalari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga loyiq deb topilgan talabalar, shuningdek, institutning Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li nomidagi stipendiyasi tanlovlarida g‘olib bo‘lgan magistrant, talaba va o‘quvchi-yoshlarga guvohnomalar topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rektori v.v.b. Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, davlat stipendiyalari tanlovlarida, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarida yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarni tabriklab, ularning o‘qishi va ilmiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
So‘nggi yillarda respublikamizda ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, yoshlarning ijodiy, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, iqtidorli talabalar, yosh olimlarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Shunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlar orasidan respublika va xalqaro fan olimpiadalari, davlat stipendiyalari tanlovlari g‘oliblari yetishib chiqmoqda.
Xususan, joriy o‘quv yilida institutning 15 nafar talabasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining, shuningdek, magistrant, talaba va o‘quvchilardan jami 9 nafar yosh institutning Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li nomidagi stipendiya tanlovi g‘olibi bo‘lib, stipendiat deb topildi.
Tadbirda stipendiat yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
“To‘maris” xalq ansambli hamda musiqa ta’limi yo‘nalishining iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
