NukusDPIda “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalariga start berildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va mahoratli sportchilarni aniqlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining institut bosqichiga start berildi.

Tadbirda institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, yoshlarni barkamol inson etib tarbiyalashda sportning ahamiyati haqida aytib o‘tdi va barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Musobaqalar ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, unda talabalar sportning voleybol, gandbol, basketbol 3×3, stol tennisi, futbol, yengil atletika va suzish kabi 7 turi bo‘yicha o‘zaro bellashadi. Musobaqalarda bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan, sportga qiziqishi va muayyan tayyorgarliklarga ega bo‘lgan talaba-yoshlar faol ishtirok etmoqda.

Mazkur olimpiadaning institut bosqichi talaba-yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga tatbiq etish, jamoa bo‘lib ishlash, sabr-toqat va raqobatbardoshlik kabi fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ushbu musobaqalar orqali iqtidorli, mohir va umidli sportchilar saralab olinib, keyingi hududiy va respublika bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ta’kidlash joiz, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” nafaqat sport musobaqalari, balki yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularni zararli illat va odatlardan asrash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladigan muhim tashabbuslardan biridir.

Institutda musobaqalar yuqori saviyada davom etmoqda va talaba-yoshlar o‘z mahorati, jismoniy tayyorgarligi hamda g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.