NukusDPI professor-o‘qituvchilari xalqaro konferensiya va malaka oshirish dasturida ishtirok etdi

Ozarbayjon Respublikasining Boku slavyan universitetida I Turkiy Qurultoyning 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ushbu konferensiyada turkiy davlatlardan taniqli olimlar ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiyada Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakulteti qoraqalpoq tili kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Alima Pirniyazova ham ishtirok etib, “Qoraqalpoq alifbosi va imlosining shakllanish yo‘llari” mavzusidagi ma’ruzasini o‘qidi.

Institutning Qozog‘iston Respublikasidagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik ishlari kengayib, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha dasturlar davom etmoqda.

Jumladan, institutning tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi mudiri, dotsent Sh.Qalliqilishov, dotsent G‘.Mambetqadirov, maktabgacha ta’lim kafedrasi mudiri G.Jumasheva, texnologik ta’lim kafedrasi professor-o‘qituvchilari – dotsent T.Shamuratova, M.Kamilova, R.Matekeyevlar Chimkent shahridagi M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida malaka oshirish kursida ishtirok etmoqda.