Institutda “Qushlar va gullarni asraylik” mavzusida bayram kechasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakultetida talaba-yoshlarning ona tabiatimizga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshirish, ekologik madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilish mas’uliyatini yanada kuchaytirish maqsadida “Qushlar va gullarni asraylik” mavzusida bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Kechada fakultet dekani Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, ona tabiatimizda, yurtimizning biologik xilma-xilligida qushlar va gullarning o‘rni, ularni muhofaza qilishning ahamiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar haqida so‘zlab berdi.
Xalqaro ornitologlar uyushmasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 11 mingdan ortiq qush turi qayd etilgan bo‘lsa, 1500-yildan hozirgi kungacha antropogen ta’sirlar oqibatida 160 tur butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Bugungi kunda 1200 tur qush yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi faunasida qushlarning 319 turi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 45 turi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro‘yxatiga esa yurtimizdagi qushlarning 46 turi kiritilgan.
Bayram kechasida talabalar gullarning turlari, ularning xususiyatlari, foydali jihatlari haqida ham ma’lumotlar berdi.
Tadbir talabalar ishtirokidagi tanlovlar, qiziqarli savol-javoblar, shuningdek, institutning “To‘maris” xalq ansambli, fakultetning iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi, sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
