NukusDPIda “Deputat va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” fraksiyasi raisi Alisher Qodirov ishtirokida talaba-yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda partiya Markaziy Kengashi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, institut professor-o‘qituvchilari va faol talabalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlar siyosatiga qaratilayotgan e’tibor, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi, shuningdek, partiya tomonidan yoshlar va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida qilinayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda yoshlar ushbu strategiyada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha savollariga javoblar oldi va o‘z takliflarini bildirdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
