NukusDPIning qizlar voleybol jamoasi “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining hududiy bosqichi g‘olibi bo‘ldi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va mahoratli sportchilarni aniqlash maqsadida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining voleybol sport turi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarining talaba-qizlaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etib, g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda sportning ahamiyatiga to‘xtalib, ularni muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishga chaqirdi va musobaqada omad tiladi.

Talaba-qizlar o‘zlarining tayyorgarligi va sport mahoratlarini namoyish etishga harakat qildi.

Shunday qilib, musobaqa yakunida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi g‘olib bo‘ldi va respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

2-o‘rinni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, faxrli 3-o‘rinni esa Innovatsion texnologiyalar universiteti jamoalari egalladi.

Ma’lumot o‘rnida, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalari oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari talabalari o‘rtasida sportning voleybol, gandbol, basketbol 3×3, stol tennisi, futbol, yengil atletika va suzish kabi turlari bo‘yicha 3 bosqichda o‘tkazilishi belgilangan.

Ushbu sport musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bilan birga, ularni zararli odatlardan asrash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, mahoratli va umidli sportchilarni aniqlashga xizmat qiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.