NukusDPIda “Karyera kuni” doirasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 12-may kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning, shu jumladan, bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash maqsadida “Karyera kuni” doirasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Mehnat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda unga qarashli shahar va tuman bo‘limlari vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak markazi”, tijorat banklari, shuningdek, bir qator oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
“Karyera kuni” mehnat yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarga mehnat qonunchiligi haqida tushunchalar berish, mehnat bozorida mos vakansiyalarni izlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ishga joylashish uchun hujjatlarni tayyorlash va ish beruvchilar bilan suhbatlashish usullarini o‘rgatish, ish beruvchilar uchun institutda tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatini tanishtirish, o‘qiyotgan va bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
– O‘tgan o‘quv yilida institutni 4369 talaba bitirib chiqqan bo‘lsa, shundan 81,9 foiz bitiruvchining bandligi ta’minlandi. Bu yilgi o‘quv yilida esa jami 4420 nafar talaba bitirib chiqishi kutilayotgan bo‘lib, shundan hozirgi vaqtgacha 54 foiz bitiruvchi doimiy ish bilan band. Bugungi mehnat yarmarkasi bitiruvchilarga bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berish va ishga joylashishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilmoqda, – deydi institutning registrator ofisi rahbari Bekmurat To‘lepov.
Mehnat yarmarkasida asosiy ish beruvchi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi boshqarma va bo‘limlar bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlari, davlat va nodavlat muassasalari, korxona va tashkilotlar vakillari bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Mehnat yarmarkasida talaba-yoshlar bandligini ta’minlash, ularga tegishli sohalar bo‘yicha ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish, ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzish ishlari olib borildi.
NukusDPI matbuot xizmati.


