Oʻzbek tili kafedrasi oʻqituvchilari Ankara Hoji Bayram Vali universitetiga tashrif buyurdi

2019-yil 3-may kuni biz – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Oʻzbek tili kafedrasi mudiri Sh.Yuldasheva va kafedra oʻqituvchilari D.Kabulova, G.Yusupovalar Turkiya Respublikasi Ankara Hoji Bayram Vali universitetiga tashrif buyurdik. Bizga hamrohlik qilgan Qarligash Ashirxanova bir vaqtning oʻzida ham Hoji Bayram Vali universiteti, ham Ankara universiteti professorlari ishtirokidagi mazmunli seminarni tashkil qilib berdi.
Prof. Dr.Mеhmed Fatih Kirishchi oʻgʻli va uning kafedra a’zolari va Ankara universiteti Dil va tarix-geografiya fakulteti professori Abdulloh Gundujon bilan til, adabiyot, tarix fanlarining rivoji haqida qizgʻin muloqot boʻldi. Ikki soat chamasi davom etgan seminarda fakultetda oʻqitilayotgan 8 ta turkiy tillar boʻyicha professor va doktorantlarning tadqiqotlari, qardosh tillarni tadqiq qilishda erishilgan yutuqlar, chop qilingan adabiyotlar bilan tanishtirishdi. Oʻz navbatida biz Oʻzbekistonda 7 tilda, Qoraqalpogʻistonda 5 ta tilda ta’lim olish uchun sharoit yaratilganligi, Nukus davlat pedagogika instituti olimlari tomonidan turkiy tillar tadqiqi boʻyicha bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash sohasidagi islohotlar, xorijdagi oliy ta’lim muassasalari bilan rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdik. Oʻzbek tili kafedrasi tomonidan oʻzbek tilini oʻqitish boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar, til ta’limini raqamlashtirish masalalarini Turkiyada toʻplangan til oʻqitish tajribalari bilan toʻldirish istagida tashrif buyurganimizni aytganimizda bu taklifdan juda mamnun boʻlganligini bildirishdi. Dotsent Sh. Yuldasheva va katta oʻqituvchi D.Kabulova hammuallifligida chop ettirilgan kitoblar bilan tanishtirib, talabalar foydalanishi uchun kafedraga taqdim qildik. Bu mezbonlarni qanchalik xursand qilgan boʻlsa, ular tomonidan lutfan armugʻon qilingan yangi avlod adabiyotlari shunchalik mamnun qildi.

Mavlano dasturi boʻyicha Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Ankara Hoji Bayram Vali universiteti oʻrtasida memorandum imzolash hamda oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman tillari hamda tarixshunoslikning nazariy, amaliy masalalari, oʻqitish metodikasi va texnologiyalariga bagʻishlangan hamkorlikdagi xorijiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi. Mazkur qabul va seminar uchun rahbariyatga, shaxsan prof. Dr. Mehmed Fatih Kirishchi oʻgʻli va katta jamoaga tashakkur izhor qilamiz.