“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika bosqichi ishtirokchilari tantanali kutib olindi

Joriy yilning 5-9-iyun kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida ilk bor o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Umumiy 7 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning final bellashuvlarida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining hududiy bosqichda g‘olib bo‘lgan talaba qizlar voleybol jamoasi, shuningdek, yengil atletika va stol tennisi bo‘yicha sportchi talabalari ham ishtirok etib, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Bugun, 11-iyun kuni Nukus temir yo‘l vokzalida sportchi yoshlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri E.Qutibayev, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ijrochi direktori Sh.Aytbayev, oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar ushbu sport musobaqalarining ahamiyatini alohida ta’kidlab, unda munosib ishtirok etgan sportchi talabalarga minnatdorchilik bildirdi va kelgusi o‘qishlarida, musobaqalarda omad tiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.