Institutda bitiruv malakaviy ishlari himoyasi yuqori saviyada tashkil etilmoqda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi kurs talabalari tomonidan tayyorlangan bitiruv malakaviy ishlarining himoya jarayonlari yuqori saviyada va belgilangan tartib-talablar asosida tashkil etilmoqda.

Pedagogika-psixologiya va ijodiy ta’lim fakulteti pedagogika ta’lim yo‘nalishi talabalarining himoya jarayonlarida Davlat attestatsiya komissiyasi raisi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Abdumalik Akramov, komissiya a’zolari, tajribali professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, talabalarning ilmiy izlanishlari, nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini xolisona baholadi.

Talabalar o‘zlarining tadqiqot ishlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazib, mavzularning dolzarbligi, erishilgan natijalar hamda amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Jarayonlarning ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilayotgani, akademik halollik me’yorlariga qat’iy rioya etilayotgani bitiruvchilarning bilim va salohiyatini adolatli baholashga xizmat qilmoqda.

Bitiruv malakaviy ishlari himoyalarining yuqori darajada tashkil etilishi institutda ta’lim sifatini oshirish, raqobatbardosh va malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy ifodasidir.

NukusDPI matbuot xizmati.