OG‘ZIBIRCHILIK, BAG‘RIKENGLIK VA HAMJIHATLIK – YANGI O‘ZBEKISTONNING BEBAHO BOYLIGI

«Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda  asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi».

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.

Millatlararo totuvlik – taraqqiyotimizning mustahkam poydevori

Dunyo tarixida davlatlar qudratini belgilagan omillar ko‘p bo‘lgan. Ayrimlari tabiiy boyliklarga tayangan, ayrimlari harbiy salohiyat bilan yuksalgan, yana boshqalari iqtisodiy imkoniyatlari bilan ajralib turgan. Biroq, tarixning eng muhim saboqlaridan biri shundan iboratki, hech bir boylik va qudrat jamiyat ichidagi birlik va hamjihatlikning o‘rnini bosa olmaydi.

Bugungi globallashuv davrida bu haqiqat yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan mojarolar, millatlararo nizolar va diniy qarama-qarshiliklar ko‘pincha iqtisodiy muammolardan emas, balki jamiyatdagi o‘zaro ishonchning zaiflashuvi, birdamlikning yo‘qolishi oqibatida yuzaga kelayotganini ko‘rmoqdamiz.

Bunday tahlikali sharoitda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li, avvalo, tinchlikni asrash, xalqlar do‘stligini mustahkamlash va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugun bizning eng katta boyligimiz neft yoki gaz zaxiralari emas. Eng katta boyligimiz – tinchligimiz, ahilligimiz, birdamligimizdir va og‘zibirchiligimizdir.

Inson qadri va millatlararo totuvlik – Yangi O‘zbekistonning qo‘sh tayanchi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson qadri turibdi. Inson qadrini ulug‘lash esa faqat iqtisodiy farovonlik yoki ijtimoiy himoya bilan cheklanmaydi. Bu, avvalo, fuqarolarning millati, tili, dini va e’tiqodidan qat’i nazar teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashni anglatadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. Turli milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, madaniy-ma’rifiy muassasalar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, millatlararo totuvlik bugun davlat siyosatining alohida yo‘nalishi emas, balki barcha islohotlarning ichki mazmuniga aylangan.

Chunki taraqqiyotning asosiy sharti – ijtimoiy barqarorlik.

Ijtimoiy barqarorlikning asosiy omili esa – fuqarolar birdamligidir.

Qoraqalpog‘iston tajribasi: asrlar sinovidan o‘tgan ahillik

Millatlararo totuvlik haqida so‘z borganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tajribasi alohida e’tiborga loyiq.

Amudaryoning quyi oqimida joylashgan ushbu zaminda qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, koreys, tatar va boshqa 30dan ortiq millat vakillari asrlar davomida bir-birining quvonchi va tashvishini baham ko‘rib, ahillikda yashab kelmoqda.

Bu yerda qo‘shnichilik munosabatlari millat bilan emas, insoniylik bilan o‘lchanadi. Turli millat vakillari bir mahallada istiqomat qiladi, farzandlari bir maktabda tahsil oladi, birgalikda mehnat qiladi, umumiy maqsadlar yo‘lida birlashadi.

Qoraqalpoq xalqining bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi hududning o‘ziga xos ma’naviy qiyofasini shakllantirgan. Aynan shu fazilatlar tufayli Qoraqalpog‘iston bugun ham ko‘p millatli va ahil jamiyatning yorqin namunasiga aylangan.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, jamiyatdagi birdamlikni yanada kuchaytirmoqda.

Davlatimiz rahbarining:

«Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri», – degan tarixiy so‘zlari esa xalqimiz qalbida chuqur aks-sado berdi. Bu nafaqat siyosiy bayonot, balki yagona Vatan, yagona taqdir va umumiy mas’uliyat g‘oyasining amaliy ifodasidir.

Yoshlar ongini egallashga qaratilgan kurashlar kuchaymoqda

Bugun jahonda g‘oyalar kurashi tobora keskinlashmoqda. Ayrim kuchlar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatishga urinmoqda. Milliy va diniy adovatni qo‘zg‘atish, tarixiy haqiqatlarni buzib talqin qilish, fuqarolar orasida ishonchsizlik muhitini shakllantirishga qaratilgan urinishlar ko‘paymoqda.

Bunday vaziyatda yoshlarni nafaqat bilimli, balki mustaqil fikrlaydigan, mafkuraviy jihatdan bardoshli, Vatan taqdiriga daxldor insonlar qilib tarbiyalash dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Ayniqsa, pedagogika oliygohlari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklanadi. Chunki, bugungi talaba ertangi o‘qituvchidir.

Ertangi o‘qituvchi esa minglab yoshlarning dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatadi.

Pedagoglar – jamiyat tarbiyachisi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti faoliyatida ham aynan shu masalaga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda institutda 13 mingdan ziyod talaba-yoshlar tahsil olayotgan bo‘lib, ta’lim muassasasida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi jami 11 millatga mansub talabalar bir oilaning farzandlaridek, ahillikda ta’lim olmoqda.

Biz talabalarga faqat kasbiy bilim berish bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Kelajak pedagoglarida fuqarolik mas’uliyati, bag‘rikenglik madaniyati va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish ham eng muhim vazifalarimizdan biridir.

Shu maqsadda institutda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, sport va madaniy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Bugungi globallashuv davrida oliy ta’lim muassasalari nafaqat malakali kadrlar tayyorlaydigan maskan, balki yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalaydigan ma’naviyat o‘chog‘i sifatida ham muhim o‘rin tutadi.

Talaba-yoshlarning dunyoqarashi, fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy mas’uliyati aynan talabalik yillarida shakllanadi. Shu bois oliy ta’lim tizimida yoshlarni millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, Vatanga sadoqat va insonparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Har oyning o‘n beshinchi sanasida institut fakultetlari kesimida tashkil etiladigan millatlararo hamjihatlik festivali turli hududlardan, turli millat vakillaridan iborat talabalarning bir jamoada tahsil olishi, o‘zaro fikr almashishi va hamkorlikda faoliyat yuritishi ularni umumiy maqsadlar sari birlashtiradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, yaqinda institutda respublikamizning turli hududlaridan kelgan talaba-yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan «Do‘stlik festivali» turli hudud yoshlarini yanada jipslashtirishga, hududlararo va millatlararo yakinlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Festival davomida yoshlar Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosi, xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari va bag‘rikenglik qadriyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Bu kabi tadbirlar talabalarda umumiy Vatan tuyg‘usini kuchaytiradi, ularni birlashtiradigan omillar farqlardan ko‘ra ko‘proq ekanini anglashga yordam beradi.

Tinchlik – meros emas, mas’uliyat

Ba’zan yoshlar tinchlik va osoyishtalikni tabiiy holat deb qabul qiladi. Aslida esa tinchlik ulkan mehnat, oqilona siyosat va jamiyatning umumiy mas’uliyati evaziga ta’minlanadi. Uni saqlab qolish uchun har bir avlod o‘z hissasini qo‘shishi kerak.

Bugun bizning asosiy vazifamiz – yoshlar qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, ularga birdamlikning qadrini anglatish va millatlararo totuvlikning bebaho ne’mat ekanini tushuntirishdan iborat.

Chunki, nafaqat iqtisodiyot, nafaqat siyosat, nafaqat zamonaviy texnologiyalar, balki jamiyatdagi o‘zaro ishonch ham davlat taraqqiyotining muhim omilidir.

Kelajak birdamlik bilan bunyod etiladi

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekiston oldiga ulkan maqsadlar qo‘yilgan. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, raqobatbardosh iqtisodiyot barpo etish, xalq farovonligini oshirish kabi vazifalarni faqat ahil va birdam jamiyatgina muvaffaqiyatli amalga oshira oladi.

Ayniqsa, ziyolilar, pedagoglar va yoshlar bu borada jamiyatning etakchi kuchi bo‘lishi kerak. Zero, tarix shuni ko‘rsatadiki, birdam xalqni hech qanday sinov enga olmaydi.

Tinchlikni asrash, totuvlikni mustahkamlash va farzandlarimizni ana shu qadriyatlar ruhida tarbiyalash – bugungi avlod zimmasidagi eng sharafli va mas’uliyatli vazifadir.

Chunki, Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki ulkan binolardangina emas, eng avvalo, xalqimizning o‘zaro hurmati, ishonchi va mustahkam birdamligi bilan belgilanadi.

Bugungi kunda millatlararo totuvlik va hamjihatlikning yorqin namunalari nafaqat ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, balki sport maydonlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor jahon chempionati final bosqichiga yo‘l olgani ko‘p millatli Qoraqalpog‘iston ahlini ham cheksiz quvonch va faxr tuyg‘ulariga chulg‘adi. Yurtimizning turli millat va elat vakillari bir maqsad – Vatan sharafini himoya qilayotgan terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida yakdil bo‘lib birlashmoqda. Ayniqsa, «Oq bo‘rilar»ga bildirilayotgan keng ko‘lamli e’tibor va samimiy tilaklar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun musulmon davlatlari xalqlari tomonidan ham davom ettirilayotgani alohida e’tiborga loyiqdir. Bu esa mushtarak tarix, til, madaniyat va qadriyatlar bilan bog‘langan xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini, sport esa insonlarni birlashtiruvchi beqiyos kuch ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xulosa o‘rnida alohida ta’kidlaymizki, bugungi jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan global dunyoda har birimiz, ayniqsa, ilm ahli, ziyolilar – o‘z faoliyatimiz va hayotiy pozitsiyamiz orqali mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosatni to‘laqonli amalga oshirish borasida ibrat bo‘lishimiz, yoshlarimizni muqaddas yurtimizga bo‘lgan sadoqat va ertangi buyuk kelajagimizga bo‘lgan ishonch ruhida hamda yagona Vatan uchun xizmat qilishlik kabi ezgu amallar orqali tarbiyalash – barchamizning muqaddas vazifamizdir.

Quvondiq Qodirov,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori v.v.b.