Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Feruza Sapayeva tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkillashtirildi

Mustaqilligimizni mustahkamlovchi, inson va uning huquqlarini oliy qadriyat sifatida belgilab beruvchi mezon, xalqimiz xohish-irodasi va istaklarini o`zida ifoda etuvchi Konstitutsiyamiz mana 27 yildan buyon bosh qomus sifatida davlat va jamiyat boshqaruvi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotni isloh qilish, umuman har jabhadagi o`zgarishlar, islohotlarni amalga oshirishda asos bo`lib xizmat qilib kelmoqda.

2019-yilning 6-dekabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI faollar zalida Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Feruza Sapayeva tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkillashtirildi.

TadbirdaTurkiy tillar fakulteti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha dekan o`rinbosari Perdegali Dabilov, O`zbek adabiyoti kafedrasi katta o`qituvchisi, f.f.d (PhD) Shirin Aldasheva, O`zbek tili kafedrasi dotsenti Muhabbat Xudayarova, p.f.d. (PhD) Aydin Sultanova hamda talabalar ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirni tashkil qilishdan maqsad: talaba-yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga Respublikamiz Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini puxta o`rgatish, qolaversa, insonparvarlik, demokratik va adolatparvarlik tamoyillarini anglashga undash hamda ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” (ma’ruzachi – F.Sapayeva),  “Qomusim – orim” (ma’ruzachi – A.Sultanova), “Konstitutsiya – huquq va erkimiz kafolati” (ma’ruzachi – 2 kurs talabasi Ixtiyor Norov) mavzularida qomusimiz tarixiga oid ma’ruza va videolavhalar, slayd ishlanmalari, “Biz o`z huquqlarimizni bilamizmi?” (2-kurs talabalari – Rohila Hayitboyeva, Nuriya Jumaniyozova, Sarvinoz Kamolova, Gulsara Otamurodova, Fayyoza Ulasheva, Sharqiya Rajapova), “Biz korrupsiyaga qarshimiz” (1-kurs talabalari – Zulfizar Abdurahmonova, Nargiza Shirinova, Dilfuza Ismoilova, Nozima To`rayeva, Og`abek Rahmatullayev, Azamat Axmurodov, Og`abek Hazratqulov) mavzularida esa sahna ko`rinishlari namoyish etildi.

Tadbirda so`zga chiqqanlar Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, hayotiyligi, mamlakatimizda amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlar o`zgarishlarning bosh asosi ekanligini ta’kidladilar. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan, inson manfaatlarining davlat manfaatlaridan ustunligi ko`rsatilgan, siyosiy plyuralizm tamoyili mustahkamlab qo`yilgan, xalq hokimiyat manbayi sifatida e’tirof etilgan Konstitutsiyamizning huquqiy-demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishdagi roli talqin qilindi. Shuningdek, milliy qomusimizning qabul qilinishi jarayoni yodga olinib, O`zbekistonning Birinchi Prezidenti, Konstitutsiyamiz asoschisi Islom Karimovning xizmatlari alohida hurmat bilan esga olindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ro`y berayotgan buyuk o`zgarishlar, turli sohalardagi islohotlar xalqimiz turmush tarzida tub burilish yasamoqda. Konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda joylarda Xalq qabul xonalari faoliyat olib bormoqda, “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali ishga tushdi, O`zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi platformasi yaratildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda: “Konstitutsiyamiz – xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri mahsuli, asriy qadriyatlarimizning beqiyos timsoli” sifatida yuksalish va taraqqiyotimizning bosh asosi bo`lib kelmoqda.

Aziz ustozlar, qadrli hamkasblar, ilmga-bilimga chanqoq talaba yoshlar! Barchangizni milliy qomusimiz – O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi bilan muborakbod etamiz!

 

Filologiya fanlari bo`yicha falsafa doktori (PhD) Feruza Sapayeva.