AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Institutimiz talabasi Qozog’istonda bo’lib o’tgan xalqaro festivalda ishtirok etib qaytdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti musiqiy ta’lim yo’nalishi 3-kurs talabasi Aybek Jamalov Qozog’iston Respublikasida bo’lib o’tgan «Buyuk dasht eli» mavzusidagi xalqaro etnofestivalda ishtirok etib qaytdi.

Etnofestival shu yilning 3-5 avgust kunlari Olmota va Pavlodar shaharlarida bo’lib o’tdi. Unda qardosh turkiy tilli 8 davlatdan san’at ustalari, yosh havaskorlar ishtirok etdi.

O’zbekiston va Qoraqalpog’iston Respublikalaridan yurtdoshimiz, Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Aybekning ham ishtirok etib, xalqimiz san’ati, madaniyatini dunyo xalqlari orasida namoyish etib qaytganligi ham biz uchun fahr hisoblanadi.

– Etnofestivalga shaxsan Qozog’iston Respublikasi Prezidenti nomidan taklifnoma kelganligi meni quvonchga bo’ladi, – deydi Aybek. – Festival yuqori darajada tashkil etildi. Qardosh xalqlar madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishibgina qolmay, xalqimizning shu yo’nalishdagi eng yaxshi namunalarini mahorat bilan ijro etishga harakat qildim. Ko’p do’stlar orttirdim.

Aybek Jamalov etnofestivalda qoraqalpoq xalqining «Bolmasa» va boshqa da qo’shiq va navolarini alamoynaq dutorida ijro etib, shu bilan birga, qardosh qozoq xalqining navolarini dombira asbobida yuqori darajada ijro etdi.

Ma’lumot uchun ta’kidlash joiz, Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Aybek Jamalov 2014 va 2016 yillarda Qozog’iston Respublikasining Olmota shahrida o’tkazilgan «Jas aqindar sayisi» xalqaro tanlovida 1- va 3-o’rin g’olibi bo’lgan. Shuningdek, 2017 yil Olmota shahrida o’tkazilgan «Aqindar» xalqaro tanlovida ishtirok etib, 3-o’rinni olgan. 2017 yil dekabr oyida Nukus shahrida yosh ijrochilar o’rtasida bo’lib o’tgan «Qutlug’ bo’lsin yangi yil» baxshilar aytishuvida 2-o’rinni egallagan.

Islam Matekov,
NDPI matbuot kotibi.