AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Institutimizda yaponiyalik professorlar bilan uchrashuv bo’lib o’tdi

11 sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Yaponiyaning pedagog kadrlar tayyorlaydigan birnechta oliy ta’lim muassasalari professorlari va ilmiy xodimlari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Yaponiya ilmiy rivojlantirish jamiyatining «Ijtimoiy va tabiiy fanlarni barqaror rivojlantirish bo’yicha global o’quv dasturlarini rivojlantirish» loyihasi doirasida tashkil etilgan ilmiy tadqiqot delegatsiyasi bilan o’tkazilgan uchrashuvning dastlabki qismida Orol bo’yi mintaqasidagi maktablarda o’quvchilarning ekologik bilimini yuksaltirish, buning uchun ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, ekologiya va atrof muhit muhofazasi yo’nalishida Nukus davlat pedagogika institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashning o’ziga xos tomonlari bo’yicha institut rektori va prorektorlar bilan o’z aro fikr almashildi.
Tsukuva universiteti ta’lim instituti professori Yosiyasu Ida, Tokio Gakugey universiteti professori Masataka Arai, Dokkyo universiteti professori Xiroaki Akimoto, Dzyoetsu pedagogika instituti professori Takasi Simura, Mie universiteti professori Sigefumi Nagata va boshqa yaponiyalik olimlar institutda jamiyatshunoslik va tabiatshunoslik sohalarida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, ularning mazmun-mohiyati bilan tanishish va kelgusida birgalikda ilmiy-pedagogik aloqalar o’rnatish bo’yicha o’z takliflarini bildirdi.
– Yaponiya maktablarida o’tkaziladigan geografiya darsliklarida Orol dengizi haqida ma’lumotlar bor. Ammo, bular bizningcha judayam oz. Biz ushbu darsliklarga dengizning qurigan tubidagi hozirgi ekologik holat, bu erda mamlakat prezidenti va hukumat rahbarligida ekologik barqarorlikni yaxshilash maqsadida olib borilayotgan ishlar, ularning samaradorligi to’g’risida mahalliy olimlarning ilmiy tadqiqotlari natijasida aniqlangan ma’lumotlarni ham kiritishni rejalashtirganmiz, – deya ta’kidladi Tsukuva universiteti ta’lim instituti professori Yosiyasu Ida.
Uchrashuv institutning kimyo-biologiya va tarix-geografiya fakultetlarida professor-o’qituvchilar va talaba-yoshlar bilan mavzu bo’yicha o’z aro fikr almashish va savol-javoblar bilan davom etdi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya vakillari kelgusida ekologiya va boshqa da sohalar bo’yicha birgalikda ilmiy-pedagogik ishlarni olib borishga kelishib oldi.

Islam Matekov,
NDPI matbuot kotibi.