AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

GLOBALLASHUV DAVRIDA ONA TILINING MAVQEYI

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida o‘zbek tiliga  davlat tili maqomi berilganligining 29 yilligi munosabati bilan “Globallashuv davrida ona tilining mavqeyi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanni institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Q.Qodirov ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda yer yuzida 3000 mingdan ortiq til borligi, lekin ularning ko‘pchiligini hali dunyo bilmasligi, ayniqsa globallashuv davrida har yili bir necha o‘nlab tillar o‘lik tilga aylanib borayotganligi, shunday sharoitda ham o‘zbek tili o‘z mavqeyini saqlab qolayotganini ta’kidlab o‘tdi. 1995-yilda AQSHda tilshunos olimlar tomonidan dunyoda eng ko‘p foydalanadigan tillar qirqtaligi e’lon qilinganligi, o‘zbek tili bu ro‘yxatda 34-o‘ringa kiritilganligi, MDH davlatlari orasida esa 3- o‘rinda turishini e’tirof etdi. Q.Qodirov globallashuv davrida o‘zbek tiliga tahdid solayotgan xavflar haqida to‘xtalar ekan, eng muhim muammo sifatida “internet lingvistikasi”ni aytib o’tdi. Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda so‘zlarni qisqartirib yozayotganligini, harflar o‘rnida sonlarni ishlatish holatlari ko‘p uchrayotganligini, yosh filologlar maqolalar, tezis, esse, feletonlar bilan bu muammolarga o‘z munosabatini doimiy ravishda bildirib borishlari kerakligini uqtirdi.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent G.Qurbaniyazov “Til – ma’naviyat ko‘zgusi” deb nomlangan ma’ruzasida o‘zbek tili qadimiy tillar sirasiga kirishini, bu til jahonda o‘z mavqeyiga ega ekanligini, aynan shu tilda Navoiy, Bobur, Ogahiy kabi buyuk ijodkorlar qalam tebratganligi va ularning durdona asarlari bilan  faxrlanishimiz, biroq faqat faxr hissininп o‘zi yetarli emasligi, balki ona tilimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shish lozimligiga e’tibor qaratdi. Oliy o‘quv yurtlarida dars jarayonlarida o‘quv sifatini tubdan yaxshilash kerakligi, tilga va adabiyotga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, buning uchun esa audio, video meteriallardan, mediavositalardan foydalanishni an’anaga aylantirish zarurligi, shaffoflikni ta’minlash uchun elektron baholash tizimini joriy qilish masalalari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

O‘zbek tili kafedrasi katta o‘qituvchisi A.Sultonova “O‘zbek tilini o‘qitishni takomallashtirish masalalari” haqidagi ma’ruzasida maktab darsliklari sifatini oshirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi, bu jarayonni jadallashtirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borilayotganligi haqida ma’lumot berdi.

Ilmiy ma’ruzalar muhokamasida filologiya fanlari nomzodi, dotsent E.Xo‘janiyozov, filologiya fanlari nomzodi U.Yembergenov hamda talabalar tomonidan til sofligini saqlash, ona tilining qadr-qimmatini oshirish, ta’lim tizimida tillarni o‘qitish masalalari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Anjumanda “Globallashuv davrida ona tilining mavqeyi” mavzusida e’lon qilingan esselar tanlovi natijalari e’lon qilindi va tanlovning g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.

Anjuman so‘ngida O‘zbek tili kafedrasi qoshida tashkil qilingan “Yosh tilshunos” va “Yosh metodist” to‘garaklari a’zolari tomonidan “Ona tilim – jonajon tilim” mavzusidagi adabiy-badiiy kompozitsiya namoyish qilindi, she’r va qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Tadbir so‘ngida anjuman va adabiy-badiiy kechaning yuqori saviyada tashkil qilingani uchun o‘zbek tili kafedrasi o‘qituvchisi I.Davlatmurodov va talabalarga institut ma’muryati tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.

 

Umidbek Qodirov,

O‘zbek tili va adabiyoti bakalavr ta’lim
yo‘nalishi talabasi.