AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Amaliyotchilar ta’lim jarayonida

Hammamizga ma’lumki, fevral oyi kirib kelishi bilanoq ulugʻ bobokalonimiz, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavallud ayyomi mamlakatimizning barcha goʻshalarida koʻtarinki ruhda nishonlanadi.

Shunday kechalardan biri Nukus shahar XTBga qarashli 44-sonli maktabda ham yuqori saviyada maktabning ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari va Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI Filologiya fakulteti 4-,,V’’ guruh amaliyotchi talabalari tomonidan tashkillashtirildi.

,,Barhayot shoir” nomli adabiy-badiiy kechada maktabning barcha sinflari faol ishtirok etdilar. Kechani maktabning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari M.Kabulova kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz nutqida Navoiyning ijod yoʻli va adabiy merosi doimo barhayot ekanligini ta’kidlab o`tdi. Shundan soʻng 5-sinf oʻquvchilari Navoiy ijodidan qit’a, ruboiy, tuyuqlarni, 6-7-sinf  oʻquvchilari esa gʻazallarni ifodali tarzda aytib berishdi. Amaliyotchi talabalardan Atabayeva Iliza oʻquvchi qizlar ishtirokida Navoiy gʻazallariga kuylangan qoʻshiqlarga bir-biridan goʻzal raqslarni sahnalashtirib, yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi. Kuy va qoʻshiqlardan tashqari Navoiy hayoti va ijodiga oid ,,Shoh Gʻoziy’’ va ,,Navoiyning zukkoligi’’ nomli sahna ko`rinishlari amaliyotchi talabalar Xajiboyev Kishin, Ergashev Maqsudlarning faolligi ostida sahnalashtirildi. Ularda a’lochi, iqtidorli, tashabbuskor oʻquvchilar rol ijro etishdi. 5-,,A’’sinf o’quvchisi Turatov Behruz Navoiy rolini oʻz maromiga yetkazib ijro etdi. ,,Xamsaning yaratilishi’’ nomli sahna koʻrinishi oʻquvchi yoshlarga katta ma’naviy ozuqa boʻldi desak yanglishmaymiz. Tashkiliy ishlarni esa M.Ismoilova va R.Abdullayevalar bajardilar. Taklif qilingan mehmonlardan Nukus DPI Filologiya fakulteti Oʻzbek adabiyoti kafedrasi boshligʻi S.Matyakupov oʻz nutqida Navoiyning naqadar buyuk inson ekanligini ta’kidlar ekan, uning 3-4 yasharlik paytida davrining mashhur shoiri Qosim Anvorning bir she’rini yod aytib mehmonlarni hayratga solganligini aytdi.

Oʻquvchilar qatorida bir xil formada o`tirgan 7-harbiy sinf borligini inobatga olgan holda S.Matyakupov markazlashgan davlat asoschisi Amir Temurning ,,Temur tuzuklari”dan misollar keltirib oʻtdi. Institut oʻqituvchilaridan D.Kabulova, N.Allambergenovalar ham oʻquvchilarning chiqishlariga fikr va tavsiyalarini aytdilar. Maktabning ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari S.Xoʻjanava, D.Imomovalar tadbir soʻnggida yigʻilganlarga va barcha amaliyotchi talabalarga oʻz minnatdorchiligini bildirdilar.

Tadbir yuqori saviyada yakunlandi. Mana shunday tadbirlarning tashkillashtirilishi oʻsib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy dunyosini boyitib, ularda ulugʻ  bobokalonlarimizga nisbatan faxr tuygʻusini uygʻotadi. Oʻquvchilarni ularga munosib voris boʻlishga undaydi.