Boshlangʻich ta’lim va sport tarbiyaviy ishi ta’lim yoʻnalishi talabasi «Qonunlar nima uchun kerak?» mavzusida ochiq dars tashkil qildi

Ajiniyoz nomidagi NDPI Maktabgacha va boshlangʻich ta’lim fakulteti Boshlangʻich ta’lim va sport tarbiyaviy ishi ta’lim yoʻnalishi 4-«V» guruh talabasi Atajanova Nodiraning 2019-yil 23-aprel sanasida «Qonunlar nima uchun kerak?» mavzusida ochiq dars tashkil qildi.

Darsni tashkil qilgan talaba oʻzining pedagogik mahoratini koʻrsata oldi. Talaba-amaliyotchi qoʻllagan interfaol metodlari va oʻyinlari orqali sinfdagi oʻquvchilar diqqatini oʻziga jalb qildi. Ayniqsa, uning kiyinishi, nutqining toʻgʻri va jarangdorligi, diktsiyasi, mimikasi va boshqa sifatlari bilan oʻquvchilarni oʻziga jalb qildi. Dars davomida oʻzini juda erkin tutdi. Hayajoni umuman sezilmadi. Oʻquvchilar bilan xushmuomala va oʻz oʻrnida qattiqqoʻl. U oʻquvchilar bilan doʻstona munosabatda boʻldi. Bundan shuni anglash mumkinki, talaba-amaliyotchi malakali va intiluvchan.

Biz bilamizki, oʻqituvchilik kasbi mashaqqatli kasb va bu kasbni tanlash esa buyuk jasorat desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Zero, birinchi prezidentimiz I.Karimov aytganidek «Dunyoda binolar ichida eng hashamatlisi maktab boʻlsa, kasblar ichida eng sharaflisi oʻqituvchilik kasbidir!» Oʻqituvchi shaxsidan chidamli boʻlish, iroda, sabr-toqat, matonat kabi sifatlar talab etiladi. Namunali, eng yaxshi oʻqituvchi boʻlish uchun inson oʻz ustida tinmay shugʻullanishi, zamon bilan hamnafas boʻlishi kerak.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, talaba-amaliyotchi Atajanova Nodira mavzuni yaxshi yoritib berdi. Oʻquvchilarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalay oldi. Darsga foydalangan koʻrgazma qurollari beixtiyor faxr tuygʻusini uygʻotdi. Darsda metodistimiz Abdijabborava Jamila, maktab metod birlashma rahbari Abdurahmonova Sanobar, sinf rahbari Yuldasheva Aygul va talaba-amaliyotchilar qatnashdilar. Ular oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.