Oʻzbek tili kafedrasi professor-oʻqituvchilari Ankara universitetiga tashrif buyurdi va mahorat darsi oʻtdi

2019-yil 2-may kuni biz – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Oʻzbek tili kafedrasi mudiri Sh.Yuldasheva va kafedra oʻqituvchilari D.Kabulova, G.Yusupovalar Turkiya Respublikasi Ankara universitetida Til, tarix, geografiya fakultetiga tashrif buyurdik.

Bizni prof. Aynur Oʻz Oʻzjan kutib oldi. Qisqa va juda mazmunli uchrashuv davomida prof. Aynur Oʻz Oʻzjan universitet tarixi, fakultetda oʻqitilayotgan tillar, talabalarga yaratilgan sharoitlar, professor-oʻqituvchilar bilan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, Mavlano dasturi boʻyicha Oʻzbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Mavlano dasturi boʻyicha Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Ankara universiteti oʻrtasida memorandum imzolash hamda oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman tillarining nazariy, amaliy masalalari, oʻqitish metodikasi va texnologiyalariga bagʻishlangan hamkorlikdagi xorijiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi.

Shu kuni pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Sh. Yuldasheva, D. Kabulova, G. Yusupovalar tomonidan «Oʻzbek tilini oʻqitishni takomillashtirish va perspiktivalar: oʻzaro tajriba almashish» mavzusida mahorat darsi tashkil qilindi. Unda Turk lahjalari va adabiyotlari boʻlimi professorlari va talabalari ishtirok etdilar. Mahorat darsi davomida Oʻzbek tili kafedrasi tomonidan oʻzbek tilini oʻqitish boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar, til taʻlimini raqamlashtirish masalalari, oʻtkazilayotgan tajribalar, olinayotgan natijalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Dotsent Sh. Yuldasheva oʻzi tomonidan va hammualliflikda chop ettirgan kitoblari, elektron kitoblar bilan tanishtirdi. Prof. Aynur Oʻz Oʻzjan, zamonaviy turk yoʻllari boʻlimi dotsenti va talabalar tashrif va sovgʻa sifatida taqdim qilingan bosma va elektron adabiyotlar uchun oʻzlarining minnatdorchiligini bildirishdi hamda yangi avlod adabiyotlarini armugʻon qilishdi. Biz esa Ankara universitetidagi samimiy qabul uchun rahbariyatga hamda shaxsan prof. Aynur xanum va doktorant Jannat xanumga tashakkur izhor qilamiz va hamkorligimiz bardavom boʻlishini tilaymiz.

 

Sh.Yuldasheva,

Oʻzbek tili kafedrasi mudiri.