Oʻzbek tili kafedrasi professor-oʻqituvchilari Turkiya Respublikasi Istanbul universitetida
Turkiya Respublikasi Istanbul universiteti dotsenti Rahile Qashgʻarli bizni – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Oʻzbek tili kafedrasi mudiri Sh.Yuldasheva va kafedra oʻqituvchilari D.Kabulova, G.Yusupovalarni Adabiyot fakultetining Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar boʻlimiga taklif qildi.
Kunning birinchi yarmida oʻqitiladigan turkiy tillar va adabiyotlar haqida, dars beruvchi professor-oʻqituvchilar tarkibi, me’yoriy hujjatlar haqida batafsil ma’lumot oldik. Oʻz navbatida biz ham institutimizda amal qilayotgan oʻquv reja hamda fan dasturlari, ularning metodik ta’minoti haqida ma’lumot berdik. Har ikki tomon ham kelajakda oʻquv, ilmiy-uslubiy, ilmiy jabhalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish nihoyatda zarurligini, bu hamkorlik har ikki davlat, har ikki ta’lim muassasasi, muhimi turkiy tillar va adabiyotlar taraqqiyoti uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishi mumkinligini e’tirof etishdi.
Kunning ikkinchi yarmida Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar boʻlimi professorlari va doktorantlar bilan boʻlgan seminarda Oʻzbek tili kafedrasining faoliyati bilan tanishtirdik va yaratilgan oʻquv adabiyotlaridan namunalar sovgʻa qildik. Bu adabiyotlar, ayniqsa elektron resurslarimiz hamkasblarimizda juda katta qiziqish uygʻotdi. Kompyuter sinfida ulardan foydalanish metodikasi ham batafsil koʻrsatib berildi. Rahila Qashgʻarli bu adabiyotlar talaba va oʻqituvchilar uchun autentik material sifatida samarali vositaga aylanishi munkinligini ta’kidladi. Boʻlim boshligʻi professor Mehmet Oʻlmez xalqaro miqyosda oʻtkazilayotgan simpoziumni boshqarayotgan boʻlsa ham, bizning tashrifimizni eshitib qisqa va juda mazmunli suhbat uchun vaqt ajratdi. Bunday e’tibordan juda mamnun boʻldik. U har ikki ta’lim muassasasi oʻrtasida memorandum rasmiylashtirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi, akadem almashuvni yoʻlga qoʻyishni jadallashtirish boʻyicha fikr-mulohazalarimizni qoʻllab-quvvatladi. Ilmiy, ma’naviy-ruhiy qiziqishlarimiz mushtarakligi bizni birpasda qadrdonlarga aylantirib qoʻydi.
Biz Turkiya Respublikasidagi Anqara va Niyde universitetlaridagi kabi yana bir qadrdon dargohning oʻta samimiy va kamtarin hamkasblarimiz tomonidan koʻrsatilgan e’tibor va hurmat uchun minnatdormiz.