O‘Z TILIMIZGA VA KASBIMIZGA MUHABBATIMIZ YANADA OSHDI
Qozog‘iston Respublikasi L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti professor-o‘qituvchilari filologiya fanlari doktori, professor Gulg‘aysha Sag‘idolda, filologiya fanlari nomzodi, assotsiativ professor Karlig‘ash Sarekenovalar o‘zbek tili va adabiyoti bakalavr ta’lim yo‘nalishidagi talabalarga “O‘zbek tili tarixi”, “O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi” fanlaridan, o‘zbek tili va adabiyoti magistratura mutaxassisligida “O‘quv dasturlarini yaratish metodikasi” fanidan mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Dastlab deyarli barcha talabalarda “Qozog‘istondan kelib o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish borasida bizga qanday mashg‘ulot qilishar ekan, nima yangilik olar ekanmiz”, degan savollar paydo bo‘lgani sir emas. Biroq auditoriya har bir mashg‘ulotning qanday tugab qolganligi sezilmay qoladigan, hatto tanaffus bo‘lsa ham savollar quyilib kelaveradigan, nihoyatda qiziqarli faktlarga boy bo‘lgan mashg‘ulotlardan olam-olam taassurotlar bilan chiqar edi. Buni talabalarning mashg‘ulotlardan keyin davom etgan kichik muhokamalari va bahs-munozalaridan ham yaqqol sezish mumkin.
Qozog‘iston Respublikasi L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti professori Gulg‘aysha Sag‘idolda mashg‘ulotlaridan so‘ng:
Jo‘raev Bekzod: Men qo‘shni respublikalardagi olimlarimizning o‘zbek tili va madaniyatini xuddi bizning qalbimiz bilan his qilib turgandek ilmiy miqyosdan yondashib jo‘shqin ifodalab berishganidan hayratlandim. O‘zimiz o‘z ona tilimizning naqadar obro‘-e’tiborga ega ekanligiga, millatimiz tilini ulug‘lab alohida universitet tashkil etilganligiga ko‘p ma’no-mazmun bermagan ekanmiz. Buni professorlarning e’tirofidan chuqur his qildik.
Ona tilimizga nisbatan e’tiborga yarasha biz – shu yo‘nalishda ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lajak mutaxassislar o‘z o‘qishimiz, ilmiy tadqiqotlarimiz, kasbimiz bilan xizmat qilish, o‘zbek tili mavqeyini olamga tanitish uchun jon-tanimiz bilan mehnat qilishimiz zarurligini alohida uqtirishdi. O‘ylaymanki, bu barcha talabalarda tanlagan yo‘nalishimizga, kasbimizga muhabbatni yanada mustahkamladi.
Turkologiya sohasida hatto Amerika qit’asidan turib, yoki Koreyada, yoki Turkiyada, yoki Rossiyada ilmiy izlanishlar qilayotgan olimlar va ularning ishlaridan xabardor bo‘ldik. Menimcha, ko‘pchilikda magistraturada tahsilni davom ettirish, turkologiyaning ochilmagan qo‘riqlarini ochish uchun jahd qilish istagi paydo bo‘ldi.
Koreys tilini tadqiq qilayotgan olimlarning mazkur tilni turkiy tillar guruhida o‘rganishni taklif qilishayotganligi va shu kabi ko‘pgina yangiliklardan hayratlandim. Dunyoning o‘ttizta mamlakatida bo‘lgan professor Gulg‘aysha Sag‘idoldaning til tarixi bo‘yicha mashg‘ulotlari bizni ulug‘ ishlarga ruhlantirishi bilan talabalalik davrimiz kitobiga zarvaraqlar bilan yozilib qoladi deb o‘ylayman.
Polvon Xayitboyev: Ma’lumki, turkiy xalqlar tarixi mushtarakdir. Biz hozirgi kunda alohida ta’kidlab aytadigan o‘zbek, qozoq, turkman, qirg‘iz, qoraqalpoq, turk va ozarbayjon millatlari buyuk bir daraxtning hosildor shoxlari hisoblanadi. Zero, ota-bobolarimizning qadamlari Sharqda Oltoydan to G‘arbning olis manzillarigacha yetgan. Dastlab Amu va Sirdaryo oralig‘ini hamda uning yon-atroflarini o‘zlariga makon qilishgan, so‘ngra Osiyoning keng hududlarida va Yevropa yerlarida ham saltanatlarini kengaytirishgan. Bu gaplarni professor Gulg‘aysha Sag‘idolda bizga sof qozoqchada gapirdi. Men hech qayerda qozoqchadan saboq olmaganman, bu tilda kitob o‘qimaganman, faqat fakultetdaimizda, ko‘cha-ko‘yda eshitaman xolos. Lekin durustgina tushundim. Buning sababi nimada bilasizmi? Bizning ildizimiz bir, tariximiz bir. Buni olimaning o‘zi ham bot-bot takrorladi.
Turkologiya bizning ona tilimiz va unga qardosh tillar tarixi, buguni va ertasini, rivojlanish istiqbollari yoki inqiroz sabablarini o‘rganuvchi keng miqyosdagi xalqaro soha yoki yo‘nalishdagi fan ekanligini bilib oldim. 41 ta turkiy tildan 35 tasi saqlanib qolinganligi, yo‘qolish arafasida turgan tillar muhofazasi bu sohaning qay darajada dolzarbligini ko‘rsatadi.
Turkolog olimaning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda ko‘pchilik rus tilida muloqot qiladi. Kundalik turmushda, xuddi, ona tili bilan baravar qo‘llanilishi yaqqol sezilar ekan. Holbuki, Qozog‘istonda davlat tili qozoq tili hisoblanadi. Biroq tanganing ikkinchi tarafi ham bor. Ya’ni sabablar mavjud. Ulardan biri, menimcha, rus tilining muloqotda yetakchiligi Qozog‘iston hududining Rossiya hududi bilan juda katta masofadagi chegaradoshligida deb bilaman. Turkiy xalqlar tillarining rivojlanishi va istiqbolini geografik joylashish nuqtayi nazaridan o‘rganib chiqish, istiqbolini bashoratlashga bag‘ishlanadigan ishlar ko‘p ekan oldimizda.
Yevropaning 12 ta davlatidagi konfrensiyalarda faol ishtirok etgan olimaning xalqaro tillar 6 tani tashkil etishi haqidagi fikrlari barobarida o‘z millati tilini davlat tili maqomiga chiqargan mustaqil turkiy davlatlarning soni ham 6 ta ekanligini aytgani biz uchun yaxshigina ma’lumot bo‘ldi. Bular: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya davlatlaridir. “Bugungi kunda bu davlatlarning 2 tasi ya’ni, O‘zbekiston va Turkiya o‘z ona tillarining nufuzini yanada ko‘proq oshirayotgan mamlakatlardir” – dedi professor G.Sag‘idolda.
Olima xalqimizning mehmondo‘st ekanligini alohida ta’kidladi. Yurtimizdagi tarixiy shaharlarni ziyorat qilganligini zavqlanib gapirib berdi. “Buxoro, Samarqand va Xiva kabi shaharlaringiz ochiq osmon ostidagi muzeylardir. Ulardagi tarixiy obidalar, minoralar, go‘zal naqshinkor devorlar jahon sayyohlarini o‘ziga jalb etadi. Binolar shunday mohirlik bilan qurilganki, hech qanday sovitish moslamalarisiz ham salqingina, Ichon Qal’adan tashqariga chiqqim kelmay qoldi”, – deganida ota-bobolarimizning binokorlikdagi yana bir mahoratini o‘ylab ketdim. Sevimli shahrimiz Nukus haqida, uning gullab-yashnayotganligi, ayniqsa Nukus davlat pedagogika institutimizda to‘rtta turkiy til bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanayotganligi, bu hech bir turkiy mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarida kuzatilmasligi, bu turkologiyani Nukusda, bizning institutimizda rivojlantirsh uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishi haqidagi fikrlari bilan bizda sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirdi. Ustozimiz yosh filologlarga ezgu tilaklarini bildirib, bizning ham kelajakda professor darajasiga erishishimiz uchun tinmay izlanishimiz, mehnat qilishimiz zarurligini alohida ta’kidladi. Professor aytganidek, dunyoning yuqori sammitlarida, yirik konferensiyalarida o‘zbek tilida nutq so‘zlab, yurtimizni jahonga yanada tanitamiz deb, niyat qildik.
Qozog‘iston Respublikasi L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti assosiativ professori Qarlig‘ash Sarekenova mashg‘ulotlaridan so‘ng:
Yangiboyeva Adolat: Avvalo, o‘zbek tiliga bizning yurtimizda shunchalik katta e’tibor berilganini qo‘shni ellar, dunyo nigohi bilan qarab tushuntirib berganlarida, ya’ni dunyoda hech bir davlatda biror bir millat tili va adabiyoti uchun maxsus oliy ta’lim muassasasi, universitet mavjud emasligi haqidagi fikrni o‘rtaga tashlaganlarida qalbimda cheksiz faxr tuyg‘usi jo‘sh urdi.
Dunyoda ta’lim mazmuni yangilanayotganligi, ayniqsa ona tili va adabiyotini o‘qitish sohasida tub yangilanish kuzatilayotganligini Qarlig‘ash Sarekenova juda sodda va tushunarli tarzda ifodalab berdi. Nazarboyev maktablarida boshlangan tajriba, ya’ni o‘quvchini hayotga tayyorlaydigan yangilanayotgan ta’lim mazmuni haqidagi ma’lumotlar menda katta taassurot uyg‘otdi.
Shamuratova Yulduz: Professor Q.Sarekenova filologik ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha masalaning muhimligi, shu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlashning ahamiyati, Qozog‘istonda bu borada boshlangan tajriba haqida, ona tili va adabiyot darslarida esse yozishga o‘rgatish, uning inshodan farqli jihatlari, esse yozishga o‘rgatishning o‘ziga xos metodikasi, darslarni tabiat qo‘ynida, muzeylarda o‘tkazish, buning o‘quvchi shaxsini tarbiyalashdagi o‘rni haqida, turli ta’lim texnologiyalarini tatbiq qilish samarasi bo‘yicha qiziqarli ma’lumot berdi.
O‘zgarayotgan dunyoda turli kasblarga kelajakda ehtiyoj qolmayotganligi, biroq o‘qituvchilik sharafli kasb sifatida o‘z maqomini saqlay olishi, ayniqsa bizning mamlakatimizdagi iqtisodiy sohada va barcha jabhalarda bo‘layotgan islohotlar, rivojlanish o‘zbek tili va adabiyoti, qozoq tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti, turkman tili va adabiyoti mutaxassisliklari uchun keng imkoniyatlar berishi mumkinligini hayotiy misollar bilan dalillab berdi. Yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun nafaqat inliz yoki rus tilida, balki milliy tillarimizda turli qadamjolar, sayyohlik o‘rinlari haqida tarixiy, geografik ma’lumotlarni tizimga keltirishda, sayyoylarni yana va yana tashrif buyurishga qiziqtirishda ixcham jozibali hikoyalar yaratishda filologlarga ehtiyoj yanada kuchayishini, biz ana shu xizmatimiz bilan jamiyatimiz ilg‘or qatlami safida turishimiz uchun munosib ta’lim-tarbiya olishimiz, oldimizga yuksak maqsadlar qo‘o‘ya bilishimiz zarurligini, o‘qib-o‘rganishimiz kelajak uchun investitsiya ekanligini yana bir bor anglab yetdim.
Bu taassurotlarni bir maqola bilan qamrab olish qiyin, albatta. Xorijiy hamkorligimizning samaralari haqida turkum maqolalar yaralishi shubhasiz.
Biz talabalarimizga global miqyosda fikrlashga yo‘naltirgan mazmunli darslar tashkil qilgan professorlar Gulg‘aysha Sag‘idolda va Qarlig‘ash Sarekenovaga, ana shu imkoniyatni berayotgan institut rahbariyatiga, ta’limning barcha jabhalarida keng islohotlarni boshlab bergan, dunyodagi mashhur ta’lim muassasalari bilan hamkorliklarimizni mustahkamlashimiz uchun, ilmiy tadqiqotlarimizni rivojlantirish uchun sharoit yaratayotgan Prezidentimizga talabalarimiz va jamoamiz nomidan minnatdorchilik izhor qilamiz. Talabalarimizning ezgu niyatlari ushalishini tilaymiz.
Shahlo Shukurlaevna Yuldasheva,
Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent,
Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI O‘zbek tili kafedrasi mudiri