O‘ZGARAYOTGAN TA’LIM MAZMUNI VA LINGVISTIK TADQIQOTLAR: TURKOLOGIYA ISTIQBOLI
Mazkur mavzuda 2019-yil 22-mayda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti filologiya fakulteti talabalari va jamoasi, o’zbek tili va adabiyoti magistratura mutaxassisligi magistrantlari hamda Qozog‘iston Respublikasi L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti professor-o‘qituvchilari: filologiya fanlari doktori, professor Gulg‘aysha Sag‘idolda, filologiya fanlari nomzodi, assotsiativ professor Karlig‘ash Sarekenovalar ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Seminarda bog’cha-maktabdan to OTMlargacha va oliy ta’limdan keyingi ta’limda turkiy filologiyani o’qitish siftatini takomillashtirish, sohani o‘zgarayotgan dunyo, integratsiyalashuv, global muammolar, ta’lim sohasida bugungi kunda mavjud, kelajakda kutiladigan muammolarni e’tiborga olgan holda rivojlantirish, turkologiyaning dolzarb masalalari va yechimlari haqida samimiy fikr almashuv, muloqot qilindi.
Ayniqsa, professor G.Sag‘idoldaning “Men har bir uchrashgan yosh yigit-qizlarda bo‘lajak olimni ko‘rgim keladi”, degan so‘zlar bilan so‘zini boshlab, turkologiyaga dastlabki qadamlari, erishgan muavaffaqiyatlarining sirlari: yoshlikdan tarixni, geografiyani yaxshi ko‘rganligi, talabalik davrida bir necha tillarni o‘rganganligi, dunyo miqyosida turkiy tillarni o‘rganish bo‘yicha ekspeditsiyalardagi ishtiroki, ilm ahlidagi etika, ustozlarga hurmat-e’tibor, ularga xizmat qilishning afzalliklari haqidagi nutqi barchani: talabalarni ham, professor-o‘qituvchilarni ham ruhlantirib yubordi. Qoraqalpog‘istonda, ayniqsa Nukus davlat pedagogika institutida turkiy tillar va adabiyotlarni, ularni o‘qitish bo‘yicha boshqa ta’lim muassasalarida bo‘lmagan o‘ziga xos imkoniyat mavjudligi, sohani rivojlantirish uchun laboratoriya tashkil qilish esa dunyo turkologlarining e’tiborini jalb qilishi mumkinligi, bu kelajakda, albatta, o‘zining mevasini berishini alohida ta’kidladi va kelajak rejalarni tuzish uchun g‘oyalar berdi. Xalqaro arenada o‘z tadqiqotlari bilan ishtirok etishni xohlayotgan yoshlarga o‘z tajribalarini so‘zlab berdi. Bu va ayniqsa ilmiy tadqiqot yo‘liga ilk qadamlarini tashlayotgan yoshlarga eng kamida beshta tilni yaxshi bilish haqida, tillarni ketma-ket oson o‘rganish haqida o‘z “resepti”i bilan o’rtoqlashganligi talabalarni qizg‘in muloqotga boshladi.
Professor Qarlig‘ash Sarekenovaning oliy ta’limda kelajak ehtiyojidan kelib chiqib yangi mutaxassisliklarni, bir emas, bir nechta kasb egasi bo‘ladigan mutaxassisliklarni ochish haqidagi takliflari hammani mulohazaga chorladi. Xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha, ta’lim mazmunini yangilash bo‘yicha Qozog‘iston tajribasini gapirar ekan, dunyo ahlining esa O‘zbekistondan o‘rganishi mumkin bo‘lgan jihatlarni sanab berib, talabalar va magistrantlarni mamlakatimizning salohiyatini yanada oshirish uchun yangi imkoniyatlarni izlab topishga yo‘naltirdi.
Turkiy tillar tarixi, buguni va ertasi, rivojlanish istiqbollari o‘zimizdan ham ko‘ra xorijda qiziqishlarga sabab bo‘layotganligiga e’tibor qaratdi. Kefadralarda sohani rivojlantirish uchun amalga oshirish mumkin bo‘lgan ilmiy tadqiqotlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari haqida qimmatli taklif va tavsiyalarini berdi.
Seminar auditoriyalarda o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarini mazmunan to‘ldirdi, talabalarning auditorayadagi mashg‘ulotlardan so‘ng paydo bo‘lgan ko‘pgina savollariga to‘laqonli javob olish imkoniyatini yaratdi.
p.f.n., dots. Sh.Yuldasheva
O‘zbek tili kafedrasi mudiri