AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Til millat ma’naviyatining muqaddas timsoli

Vatanimizning istiqlolga intilishi, mustaqillikka erishish yo‘lidagi dastlabki qadamlar o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi bilan uzviy bog’lanadi. Milliy bayramlarimizdan Navro‘z, diniy bayramlarimizdan Qurbon hayit, Ro‘za hayitlarini nishonlash to‘g‘risidagi qaror, Mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishi va Prezidentlik institutining joriy qilinishi bilan biz asriy orzumiz bo‘lgan Mustaqillikka erishdik. Millat bilan birga teng yaralib, asrlar mobaynida unga hamnafas bo‘lib kelayotgan, vatan yanglig‘ bepayon, onadek aziz  ona tilimizning maqom-u martabasi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 4-oktabr kuni qabul qilingan, ”O‘zbekiston Respublikasining, ”Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi bilan yanada yuksaldi, e’zoz topdi. Ushbu qarorga asosan barcha ta’lim muassasalari, tashkilotlarda, shahar va tumanlarda ona tilimizga bag‘ishlangan anjumanlar, badiiy kechalar o‘tkazilmoqda. Xususan, 18-oktabr kuni Nukus DPI Turkiy tillar fakultetida, ”Til millat ma’naviyatining muqaddas timsolidir”  mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirini institutimizning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Q.Qodirov ochiq deb e’lon qildi. Barchani bayram bilan muborakbod etdi. Shu bilan birga, ona tilimizning bugungi kundagi mavqeyi va uning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzasini o‘qib eshittirdi. U o‘z nutqida, “Davlat tili haqidagi qonun” faqatgina o’zbek tili manfaatlarini himoya qilib qolmasdan, balki qoraqalpoq, qozoq, Turkman va  boshqa o‘zga millat hamda elatlar tillari himoyasini ham ko‘zda tutishini alohida ta’kidlab o‘tdi. O‘zbek tili kafedrasi dotsenti filologiya fanlari doktori Y.Ibragimov o’z nutqida o‘zbek tili rivojiga hissa qo‘shgan tilshunos olimlarni esladi. Shu bilan birga o‘zbek tili rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Misol tariqasida, hali shu kungacha qadimgi turkiy tilning izohli lug‘ati hamda folklor asarlari izohli lug‘ati yaratilmayotganligi, kitob rastalarida sotuvga chiqarilgan ba’zi kitoblar o‘zbek adabiy tili normalariga qat’iy rioya qilinib yozilmaganligini ta’kidladi. Shu bilan birga yangi alifbo tizimiga o‘tish tilshunoslikdagi ijobiy hodisa ekanligini va bu masala tadrijiy yo‘l bilan amalga oshirilayotganligini tushuntirdi.

Qozoq tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori I.Quttimuratovaning O’zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining o’zbek tilini ardoqlashi, hurmat-e’tibori haqidagi fikr-mulohazalari tadbirga yanada jon bag’ishladi. I.Quttimuratova Turkiy tillar fakultetida o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, turkman, millatiga mansub talabalar tug‘ishgan qardosh xalq ekanligimizni chuqur his qilib ahl-inoqlikda ta’lim olayotganligini, bag‘rikeng yurtda boshqa millatlar singari qozoq millatiga mansub fuqarolar tili, urf-odati va an’analari hurmat qilinishi millatlararo totuvlikning garovi bo’layotganligini alohida ta’kidladi. Haqiqatan ham, ta’lim qozoq tilida olib borilayotgan maktablar soni 550 taga yetgani hamda Nizomiy nomidagi TDPI, O’zMU, NDPI, Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI, Berdaq nomidagi QDUlarda qozoq tili va adabiyoti kafedralari mavjudligini mamniyat bilan e’tirof etish mumkin.

Ona tilimizda ifodalab bo‘lmaydigan fikrning o‘zi yo‘q, u nihoyatda jozibali.

Bu tilda jahonni lol qoldirgan buyuk asarlar yozildi, yozilayotir ham. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, zahiradagi polkovnik Mahmudjon Abdullayev ham bir-biridan go‘zal she’rlarini talabalarga o‘qib eshittirdi.

 Prezidentimiz qaroriga binoan, institutimizda tahsil oluvchi barcha talabalar o‘rtasida o‘zbek tilining dolzarb masalalariga bag’ishlangan insholar tanlovi e’lon qilingan edi. Konferensiya yakunida tanlov g‘oliblari e’lon qilinib ularga faxriy yorliqlar topshirildi. Turkiy tillar fakulteti, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 2-bosqich talabasi, I.Norov 1-o‘ringa sazovor bo’lsa, faxrli II va III o’rinlarni ta’lim qoraqalpoq, rus tillarida olib boriladigan guruhlarningt talabalari egallaganlari ko’nglimizni faxrga chulg’adi. Talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy kompozitsiya tadbir qatnashchilariga zavq-shavq ulashdi. O‘zbek tilimizga bag‘ishlanib yaratilgan sahna asarlari barchaning qalbidan chuqur joy egalladi. Tadbir so‘ngida tadbirda faol ishtirok etgan barcha talabalar institutimiz ma’muriyati tomonidan faxriy yorliqlar bilan mukofotlandi.

Turkiy tillar fakulteti 3-Bbosqich talabasi Eshimbetova Fotima