AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

“Ogahiy – shoir, tarixnavis, tarjimon va davlat arbobi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda shoir va yozuvchilarning tavalludi keng nishonlanib, ularning ijod maktablari yaratilmoqda, kitobxonlik kechalari tashkil qilinmoqda. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad ular ijodini targ`ib qilish, yosh izdoshlarini kashf etish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va kitobxonlikka qiziqtirishga da’vat, ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ajdodlar merosiga hurmat va ehtirom tuyg`ularini shakllantirish, xususan iste’dodlarini namoyon qilishlariga shart-sharoit yaratishdan iboratdir.

Ushbu an’ana davom ettirilib, joriy 2019-yilning 13-dekabr sanasida Turkiy tillar fakulteti Boshlang`ich Xotin-qizlar qo`mitasi va O`zbek adabiyoti kafedrasi tashabbusi bilan Muhammadrizo Ogahiy tavalludining 210 yilligi munosabatiga bag`ishlab: “Ogahiy – shoir, tarixnavis, tarjimon va davlat arbobi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir – davra suhbati, bir so`z bilan aytganda, nafosat bayrami tashkil qilindi.

Tadbirda Turkiy tillar fakulteti dekani f.f.n., dotsent Barliqbay Davletov, O`zbek adabiyoti kafedrasi mudiri f.f.n., dotsent Sa’dulla Matyakupov, fakultet Xotin-qizlar qo`mitasi raisi f.f.d (PhD) Feruza Sapayeva, O`zbek adabiyoti kafedrasi katta o`qituvchilari, f.f.d (PhD) Shirin Aldasheva va Yorqinoy Madreimova, O`zbek tili kafedrasi dotsenti Muhabbat Xudayarova, p.f.d. (PhD) Aydin Sultanova, katta o`qituvchilar Sadaddin Jalilov, Rayxon Madaminova va talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirda so`zga chiqqanlar Ogahiy ijodining mavzusi, shoir xotirasini abadiylashtirish borasidagi xayrli ishlar, Ogahiy ijodining, xususan tarjimon sifatida o`zbek adabiyoti rivojida tutgan o`rni, uning asarlarida xalqimiz hayoti, urf-odat va qadriyatlari ifodasi haqida keng fikr yuritdilar.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabalari bilan o`tkazilgan mazkur davra suhbatida bugungi kun qalam ahli oldiga qo`yayotgan dolzarb vazifalar xususida ham so`z bordi. Talabalar (Gulruh Nurmatova, Ihtiyor Norov, Sitora Bahshilayeva, Sevara Ibrohimova, Dilnora Saparbayeva, Raisa Nurmetova, Sadoqat Yuldasheva, Zulfizar Abdurahmonova, Nargiza Shirinova) o`zlarining ma’ruzasi, Ogahiyga bag`ishlab yozgan she’rlari va Ogahiy g`azallaridan namunalar o`qib, zalga yig`ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.

O`zbek mumtoz adabiyotining yorqin vakili Muhammadrizo Ogahiy tavalludi munosabati bilan o`tkaziladigan adabiy-badiiy tadbirlar institutimizda bayramlarga ulanib ketajak…

 

O`zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Feruza Sapayeva.