KITOBXONLIK ZARURATGA AYLANMOG`I LOZIM

Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasida har doimgi davrdan bir necha barobar ko`p miqdorda samarali ishlar amalga oshmoqda, tashviqot-targ`ibotlar olib borilmoqda. Ma’naviy barkamol kitobxon avlod tarbiyasida har bir o`quv dargohi muhim va mustahkam poydevor. Shu bois, institutimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasidagi har qanday faoliyatda kafedra va to`garaklar bilan hamohang, hamfikr ish yuritish ko`zlangan maqsadlarga erishishga munosib zamin yaratadi.

Mazkur yo`nalishdagi ishlarni tizimli tashkil qilish borasida Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar qo`mitasi qoshidagi “Qizlarjon” va O`zbek adabiyoti kafedrasi qoshidagi “Nihol” ilmiy-adabiy to`garagi a’zolari bilan birgalikda an’anaviy tarzda “Kitobxon minbari” nomli diskus davra suhbati tashkillashtirilib kelinmoqda.

Negaki, xalqimiz orasida “Ilmsiz – bir yashar, ilmli – ming yashar”, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Go`zallik – ilmu ma’rifatda” degan maqollar bejizga aytilmagan. Inson har bir ilmni ustoz va albatta, kitobdan o`rganadi. Kitob – insonning eng yaqin do`stidir. Tashkillashtirayotgan har bir davra suhbatlarimizda so`zboshi sifatida, muhokama va talqin uchun shu kabi ibratli fikrlarni talqin qilishimiz orqali talabalarni chuqur hayotiy tajribaga safarbar eta olamiz.

Shu ma’noda bugun institutimiz faollar zalida “Kitobxonlik  zaruratga  aylanmog`i  lozim” rukni bilan “Kitobxon minbari” nomli diskus davra suhbati tashkillashtirildi. Tadbirda Turkiy tillar fakulteti dekani Barliqbay Davletov, O`zbek adabiyoti kafedrasi mudiri Sa’dulla Matyakupov, fakultet Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Feruza Sapayeva, guruh rahbarlari: Sadaddin Jalilov, Shirin Aldasheva, Muhabbat Xudayarova, Aydin Sultanova, Yorqinoy Madreimova, Rayhon Madaminova va talabalar ishtirok etishdi.

Hozirda yoshlarimiz asosiy axborotni televideniya va internet orqali olmoqda. Shu sabab talaba-yoshlarni kitob o`qishga bo`lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning ma’naviy saviyasini oshirishda kitob muhim ahamiyat kasb etadi. Axir buyuk shoir va mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy: “Kitob – beminnat ustoz. U har daqiqa bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi”, – degan edilar.

Biz tashkillashtirib kelayotgan “Kitobxon minbari” nomli munozarali davra suhbatlari ham fakultetimiz talabalarida kitob mutolaasiga mehr uyg`otishda muhim ahamiyat kasb etadi. Alxusus, kitob mutolaasi insonni hayoti davomida mukofot bilan taqdirlovchi sharafli mehnatdir. Shuning uchun, biz ustozlar, talabalar o`rtasida dastlabki mutolaa madaniyatini shakllantirish maqsadida milliy o`zbek adabiyoti, xususan, hozirgi zamonaviy durdona asarlar talqinini tahlillashda davom etmoqdamizki, o`tgan tadbirlarimizda chin ma’noda “Bonu” (I.Mirzo), “Sabo va Samandar” (U.Hamdam) asarlari talqin qilingan bo`lsa, bugun “Bozor dunyo” (T.Jo`rayev) romani asosli bahs-munozaralar bilan tahlillandi. Tadbirda eng faol, o`z fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashgan talabalar: Ibragimova Muhabbat, Gulruh Ulug`bekova, Raisa Nurmetova, Nargiza Shirinova, Sadoqat Yuldasheva, Zulfizar Abdurahmonova, Gulruh Nurmatova, Ihtiyor Norov, Suvonjon Rashidov, Sitora Bahshilayeva, Sevara Ibrohimova, Dilnora Saparbayeva, Nilufar Odilova, Shohsanam Ergasheva, Dilfuza Ismailovalar bo`ldi.

 Aytish joizki, ushbu diskus davra suhbatlari doirasida talabalar adabiyotshunoslik asoslari, o`zbek adabiyoti tarixi, hozirgi adabiy jarayon kabi ixtisoslik fanlari kesimida talqin qilinishi lozim bo`lgan asarlarni o`qish va tahlillashga jalb etilmoqda.

Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi. Zero, talabalarimizga kitob o`qishni targ`ib etishimizgina emas, balki ularga o`rnak bo`lish hayotiy taomilimizning bosh asosi bo`lib qolajak…

 

Filologiya fanlari bo`yicha falsafa doktori   Feruza Sapayeva