Talaba minbari: Mutaxassis boʻlishga imkon bering!

Yoshlar oliy oʻquv yurtiga kirar ekan, biron-bir kasbni egallashni, shu kasb boʻyicha mutaxassis boʻlishni orzu qiladi. O‘z oldiga ulkan maqsadlar qoʻyadi. Ming afsuslar boʻlsinki, oliygohga kirgandan keyin, na oʻqish va na boshqa narsa bilan shugʻullanmay qoʻyadi. Nega? Chunki yoshlarning tasavvuri bilan, oliy oʻquv yurtidagi holat bir-biriga toʻgʻri kelmaydi…

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 24- yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasi boʻldi. Unda Prezident oliy oʻquv yurtlarida mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlarni ikki barobar qisqartirilishini aytib oʻtdi. Juda xursand boʻldim! Ammo, oradan bir hafta oʻtib ikkinchi chorakda oʻtiladigan fanlar roʻyxatini koʻrib yigʻlab yuboray dedim..!

Turkiy tillar fakulteti oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi 3-kurs talabalariga Ekologiya va Harakatlar strategiyasi degan fanlar bor ekan. Eshityapsizmi? Boʻlajak tilchi va adabiyotshunoslarga Ekologiya va Harakatlar strategiyasi..! Qani mantiq? Ekologiyani gapirmasa ham boʻladi, “Harakatlar strategiyasi” haqida Prezident na “Murojaatnoma”sida, na olimlar bilan uchrashuvida eslatib oʻtdi. Nima uchun? Chunki bu strategiya o’z ishini deyarli yakunladi. Endi uni fan qilib oʻtish, menimcha vaqtni bekorga sarf qilishdan boshqa narsa emas…

Tabiiyki, savol paydo boʻladi shu va shunga oʻxshash fanlarni oʻtaversam qachon mutaxassis boʻlaman? Keling hissiyotlarga berilmasdan faktlar bilan gapirsam. Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida “Alisher Navoiy”ga bagʻishlangan  dars saotlari butun bir oʻqish davrida 7 para (14 soat). Ertaga bu sohani bitirgan talabalar maktabda 5-11-sinfgacha Alisher Navoiy mavzusida 60-80 soat oralig‘ida  dars berishi kerak. Endi savol? 7 para chala-chulpa oʻqigan talaba qanday shuncha soat sifatli dars bera oladi. Yoki boshqa savol? 7 para Navoiy oʻqisam-u, 30-40 paralab oliy matematika, dasturlash, falsafa, tarix, valeologiya, ekologiya va harakatlar strategiyasini oʻqishga majbur bo’lsam?  Kimman o’zi? Boʻlajak filologmi yoki  har sohadan bir shingil biladigan “chala mulla”mi? Yuqorida sanab oʻtilgan fanlarni talabalar oʻzlashtirish darajasi 0 % ekanini nahot hech kim bilmasa?

Bilasizlarmi? Oʻzbekistonda filologiya sohasida oʻqiydigan 90-95 % talaba mumtoz she’riyat na’munalarini toʻgʻri oʻqiy olmaydi. Chunki, toʻgʻri oʻqish uchun “Aruz vazni”ni  bilish kerak. Shaxsan biz 3-4 para oʻtganmiz bu mavzuni. Solishtirish uchun: Alisher Navoiy “Aruz vazni”ni oʻrganish uchun Samarqandga keladi va Abulays Samarqandiydan ikki yil tahsil oladi. Bunaqa misollar juda ham koʻp…

Soʻzimni oxirini xulosa bilan emas savol bilan tugatmoqchiman. Sof qalb, vijdon va diyonat bilan aytingchi (agar boʻlsa), ta’limda korrupsiya, oʻqishga qiziqish pastligi va yana bir qator salbiy illatlarga sababchi shu nomutaxassislik fanlar emasmi? Ta’limda faqat odam sonini oshirib sifatga erishib boʻlmaydi axir…

Vatanim buyuk deb koʻkrak kergan bilan buyuk boʻlib qolmaymiz. Toʻgʻri bizda shonli va buyuk oʻtmish bor. Ammo kelajakchi..? Qadimiy kitoblarda yozilishicha faqat oʻzi meros qoldirmoqqa loyiq odam meros olmoqqa haqlidir. Bizga Xorazmiy, Ibn Sino, Alisher va Temurlar kerak… Ammo bu ta’limda hali munosib voris chiqishi qiyin…   

 

Umidbek Qodirov,

Turkiy tillar fakulteti oʻzbek tili va adabiyoti

yoʻnalishi 3-kurs talabasi.