#Talaba_minbari: Olomon

Fikr koʻp. Dard bisyor. Ammo, nimadan boshlashni bilmaydi kishi…

Keling, savol bilan boshlaymiz. Tasavvur qiling sizda ikkita kasallik aniqlandi. Biri yurak kasalligi, ikkinchisi qoʻlingizdagi bitta barmogʻingiz ogʻriydi. Afsuski sizni mablagʻingiz bitta kasalingizni davolashga yetadi, xolos. Xoʻsh, aziz oʻquvchi qay birini tanlaysiz. Yurak yoki barmoq? Menimcha, aqli raso har qanday inson birinchi navbatda yurakni davolaydi. Agar yurak urmasa ruh abadiylikka ravona boʻladi…

Men bugun yosh filolog sifatida davlatimizni yurakni davolamayotgan (yetarli darajada) odamga oʻxshataman. Chunki, tilimiz gʻarib va achinarli ahvolga tushib qolmoqda (Navoiysi bor millatning tili). Bilasizmi, dunyoda buyuk insonlar koʻp. Ular aytgan fikrlar xilma-xil. Biroq bitta fikr borki, u oʻzgarmas va qat’iydir. Ya’ni “Millatni millat qiladigan narsa bu  ̶ TIL”. Tilda tarix, madaniyat, ajdodlar ruhi va yodi mujassam. Bordi-yu biron-bir millat tilini yoʻqotsa, u oʻzligini yoʻqotadi va alaloqibat  Olomonga aylanadi (SSSR bekorga ruslashtirish siyosatini tildan boshlamadi). Dono xalqimiz “Ona tilim” deydi, chunki til ona kabi aziz va muqaddasdir. Bugun hayotga teranroq nazar tashlasak “Ona”mizga yordam kerak. Aql oʻrgatmoqchi emasman. Baland-parvoz gaplar bilan vaz oʻqish niyatim ham yoʻq. Faqat achinaman koʻchalarda toʻlib ketgan chet el nomlarni koʻrib, kuyaman yoshlarimiz “Navoiy”ning  tili qolib chala-chulpa boshqa til soʻzlarida gapirsa. Odamlar bir narsani bilarmikan, boshqa biron yurtga borib mana bu oʻzbekcha yoki qoraqolpoqcha soʻzni ishlatinglar deyishsa. “Yoʻq rahmat bizni oʻz tilimiz bor. Kerak emas sizniki” deyishlarini. Til bu milliy gʻururdir. Gʻururimizni asray olyapmizmi..?

Tilni mavqeyini tiklash uchun nima kerak? E’tibor va Mablagʻ! Juda katta mablagʻ! Olimlar tadqiqotlar olib borishi, turli xil tajribalar oʻtkazilishi lozim(har holda tili taraqqiy etgan davlatlar shunday qiladi).  Kitob doʻkonlariga kirar ekansiz tilga aloqador na bir kitoblar, na bir lugʻatlarni uchratasiz(chop qilish kerak). Davlat birinchi navbatda tilga pul tikishi kerak. Masalan: “Yoshlar ittifoqi”, “Futbol” kabi keraksiz (tilga nisbatan) tashkilotlarga milliard pul bergandan koʻra (Eslatma: futbol terma jamoamiz sobiq murabbiyi Kuper janoblariga ketishi uchun shunchaki 50 millard soʻm berib yubordik) kitob chop qilgani ma’qul emasmi? Bir oʻylab koʻring mamlakatimizda “Yoshlar ittifoqi” yoki “Futbol” yoʻq boʻlsa nima boʻladi? Aytarli hech nima. Oʻzbek millati millatligicha qoladi. Lekin til rivoj topmasa millat Olomonga aylanadi! Yana bir bor qaytaraman Olomonga! Bu esa dahshat

Boshlagan joyimdan tugatmoqchiman bugun millatni bemor deb aytsak, u bugun qattiq kasal. Birinchi navbatda yurakni davolash kerak. Yurak tuzalib ketsa, keyinroq barmoqlarni davolash ham mumkin…

 

Umidbek Qodirov,

Turkiy tillar fakulteti talabasi.