Sadoqat saroyining mangu malikasi

Zulfiyaxonimning 105 yilligi munosabati bilan Institut miqyosida Turkiy tillar fakulteti “Qizlarjon” ilmiy-adabiy to‘garak rahbari faollar zalida Sadoqat saroyining mangu malikasi deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkillashtirdi.

 

Har yili 1-mart sanasi atoqli O‘zbekiston xalq shoirasi  Zulfiya tavalludining 105 yilligi munosabati bilan ko`pgina ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy kechalar keng nishonlanadi. Ma’lumki, adibaning porloq xotirasi vatandoshlarimiz qalbida abadiy saqlanib qolgan. U kishining oltindan qimmat bo‘lgan she’rlari, kelajak avlodlarga qoldirgan boy adabiy merosi asrlar davomida adabiyotimiz xazinasidan joy oldi. Shoirani xotirlab Respublikamizda ko‘plab ommaviy tadbirlar,  adabiy-badiiy kechalar uyushtirilmoqda.

Shu ma’noda, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Turkiy tillar fakulteti “Qizlarjon” ilmiy-adabiy to‘garak rahbari, O`zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, filol.f.d. (PhD) Feruza Sapayeva Zulfiyaxonimning 105 yilligi munosabati bilan “Sadoqat saroyining mangu malikasi” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha tashkillashtirdi. Tadbirda ko`pmillatli mazkur fakultetning 1-, 2-, 3- kurs talabalari o‘z iste’dodlarini namoyish qilib faol ishtirok etishdi.

Adabiy – badiiy  kechani Feruza Sapayeva kirish so`zi bilan ochib berdi. Tadbirda   O‘zbek adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi  filol.f.d.(PhD) Hamza Allambergenov,   o‘zbek tili kafedrasi dotsenti, filol.f.n. Muhabbat Xudayarova, o‘zbek tili kafedrasi katta o`qituvchisi, p.f.d (PhD)  Sultonova va Madaminova Rayhon so‘z  oldilar.

Sahnada Hamid Olimjon va Zulfiya hayoti tasvirlangan video-rolik  namoyish etildi.

1-boshlovchi talaba Sobirova Qunduz: 

 Oftob ziyosidan munavvar olam,

          Nurga intiladi tashna nigohlar.

          Iqbolidan mamnun, baxtiyor odam,

          Chapak chalib qutlar, gullar, giyohlar.

          Gulgun saodatim sizsiz, shoiram!

2-boshlovchi talaba Eshimbetova Fotima:

  Qit’adan qit’aga uchar misralar,

           Fazogir insonim  sizsiz, shoiram!

           Orzusidan inson mag`rur yuksalar,

           So`z bilan dunyoni asir aylar ishq.

           Fazogir insonim sizsiz, shoiram!

So`ngra, 3- b guruh talabasi  Safarboyeva Xadicha “ Men o‘tgan umrga…” she’rini ifodali yod aytadi. Hayot kitobimni bexos varaqlab,

Men o‘tgan umrimga achinmay qo‘ydim.

Tabassum o`rnida kuldim charaqlab,

Suyish kerak bo‘lsa, telbacha suydim…

Shundan keyin, 1a-kurs talabalari  Sobirova Zumrad shoira she’rlari, ijod yo`liga bag`ishlangan “Hijroning qalbimda, sozing qo`limda”, Aytjonova Mahbuba “Zulfiya she’rlari qoraqolpoqcha tarjimalari” nomli o‘z maqolasini o‘qib eshittirdilar. Ma’ruzalarni tadbir ishtirokchilari juda mamnuniyatlik bilan qarsaklar ostida qarshi oldilar

O‘zbek she’riyatining otashnafas shoirasi, inson ruhiyati dunyosining betakror kuychisi Zulfiyani bilmaydigan, uning biror she’rini yod olmagan inson oramizda topilmasa kerak. Oliygohimizda o‘zining a’lo o‘qishlari, ijodkorligi, iste’dod va qobiliyatlari bilan  Zulfiyaxonim qizlaridan qolishmaydigan talabalarimiz ta’lim olmoqdalar. Ularning bilimlarini yana bir bor sinab ko‘rish maqsadida shoiraning hayoti va ijodi haqida qisqa adabiy-viktorina o‘tkazildi. Tadbirga yig`ilgan talabalar orasidan uch nafar qiz o‘z ixtiyori bilan sahnaga taklif etildi. Ular Qurbonboyeva Gavhar (3-kurs), Amirqulova Nilufar (1-kurs)  va Bozorboyeva Malohat (2-kurs) lar edi.   Bu adabiy-viktorina ham yig`ilganlarda juda boy taassurot qoldirdi.

Keyinroq qo‘shiq yangradi… “Eng gullagan yoshlik chog`imda”… Sahnaga  qo‘shiqqa hamohang tarzda Hamid Olimjon va Zulfiya timsollari chiqib kelishadi. Ular qaysidir she’rning muhokamasi bilan band bo‘lishar… Hamid Olimjon Zulfiyaga kitob berdi va   sahnadan chiqib ketdi… Zulfiya kitobni varaqlab, she’r o‘qiy boshlaydi…  Kimdir telefonga sim qoqib adibning vafot etgani haqida xabar beradi. Zulfiya noxush xabarni eshitgach,  turgan joyida yiqilib qoladi. Farzandlari kelib, onasini turg`izadi va shoira  she’r aytadi… va keyin… hammalari Hamid Olimjon bergan kitobni olib chiqib ketishadi.  2-a guruh Suyunova Madina  (Zulfiya timsolida), 1-e guruh talabasi Xushanov Alisher (Hamid Olimjon timsolida) va Mamashov Sardor (o`g`li) va 1- v guruh talabasi Abdullayeva Farangiz (qizi) ishtirok etishdi.

Shoiraning  o‘z til-u dili bilan aytgan “Baxtim shul, o‘zbekning Zulfiyasiman” satri ijodkor hayotligida ham, ayni kunda ham, kelajakda ham ma’naviyatni yuksak qadrlagan millat uchun bosh so‘z bo‘ldi va u abadiy shunday bo‘lib qoladi. Zulfiyaning barcha ayollarga, barcha opalarga, barcha qizlarga tushunarli bo‘lgan she’riyati aslo eskirmaydi. Halol inson tuyg`ularining porloq yulduzi kabi charaqlab turadi. Darhaqiqat, shoira ijodi shogirdlari qalamida davom etmoqda. O`z ijod namunalaridan  Qurbonboyeva Gavhar, Atashova O‘g`ilnazik va Abdullayeva Farangiz kabi talabalarimiz o‘z she’rlarini o‘qib berishdi.

Bahor keldi, yana o‘sha go‘zal bahor,

Bugun yana to‘lqinlanib urar yurak.

Sharq ayolin siymosisiz Zulfiyaxon

Bugun qutlug` bir asrlik yosh muborak!

Shuning bilan tadbir o`z nihoyasiga yetadi.  Hali bu kabi adabiy-badiiy tadbirlar institutimiz bo`ylab keng yoyilajak…

 

Feruza Sapayeva,

O`zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo`yicha falsafa doktori.